O'zbekiston elchisi Oybek Shahavdinov Budapesht Tarixi muzeyi direktori, professor Laslo Chorba bilan muzokara o'tkazdi.
Tomonlar muzey ishi sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini, shuningdek, tarixiy-madaniy merosni o'rganish, restavratsiya qilish va saqlash bo'yicha tajriba almashishni muhokama qildilar.
Venger tomonining O'zbekistonda tashkil etilayotgan xalqaro madaniy tashabbuslardagi ishtiroki, shuningdek, Vengriyada o'zaro tadbirlar o'tkazish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi.
Budapesht Tarixi muzeyi direktori 2025-yil avgustidan 2026-yil fevraligacha O'zbekistonda o'tkazilishi rejalashtirilgan "O'zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" xalqaro ko'rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etishga tayyorligini ma'lum qildi.
"Budapesht tarixi muzeyi fondlarida Vengriyadagi Usmoniylar davriga oid salmoqli miqdordagi eksponatlar mavjud. Agar O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan qiziqish bo'lsa, "O'zbekiston madaniy merosi – butun insoniyat merosi" ko'rgazmasi ekspozitsiyasida ushbu kolleksiyalarni namoyish etish masalasini ko'rib chiqishimiz mumkin", – Laslo Chorba.
Uchrashuv yakunida, o'zaro muloqotni davom ettirish va tomonlarni qiziqtirgan sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
0 Comment