O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi muassisligidagi “O‘zbekiston” jurnali ijodiy xodimlarining o‘z o‘quvchilari bilan navbatdagi muloqoti yangicha mazmun kasb etdi. Yaʼni bu galgi uchrashuv mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi haftaligi davom etayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi. Uchrashuv Toshkent fotosuratlar uyida tashkil etildi. Bu yerda jurnal xodimlarining milliy madaniy markazlar vakillari bilan qizg‘in suhbati bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqot chog‘ida, ayniqsa, respublika qrim-tatarlarining “Avdet” Toshkent shahar markazi aʼzolari faollik ko‘rsatdilar.
Uchrashuv avvalida yig‘ilganlarga jurnal ijodiy xodimlarining bugungi faoliyati, kelgusidagi ish rejalari haqida so‘zlab berildi.
Taʼkidlash joizki, “O‘zbekiston” jurnali tahririyati zimmasiga avvalo mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, umummilliy totuvlik, hamjihatlikni taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatini yoritish vazifasi yuklatilgan. O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning kundalik turmush tarzi, ularning o‘ziga xos milliy urf-odatlari va anʼanalari, milatlararo do‘stlik va qardoshlikni rivojlantirish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlar haqida hikoya qilish ham asosiy masalalardan hisoblanadi.
Shunisi eʼtiborliki, bu safargi uchrashuvda bevosita talaba yoshlar bilan ham muloqot qilindi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti yigit- qizlari ham o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga to‘laqonli javob oldilar.
0 Comment