O‘zbekiston delegatsiyasining BAA (Birlashgan Arab Amirliklari)ga tashrifi davomida navbatdagi Vatandoshlar mintaqaviy forumi o'tkazildi. Forumda Fors ko‘rfazi davlatlarida ( Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Iordaniya, Quvayt va Ummon) istiqomat qilayotgan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar, o‘zbek jamiyatlari hamda xorijda tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi K. Sariyev so‘zga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijdagi vatandoshlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda amalga oshirilayotgan yangicha yondashuvlar haqida axborot berdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar va yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berib, xorijdagi vatandoshlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning bilim va tajribasini iqtisodiyot, ilm-fan hamda ijtimoiy sohalarga jalb etish muhim ekanligini ta’kidladi.

Forum doirasida xorijda o‘zbek tili va madaniyatini asrash, ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etishda vatandoshlar ishtiroki, shuningdek, iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Vatandoshlarimizning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga daxldorligini ifodalovchi ilg‘or takliflari va tashabbuslari tinglandi.
Shuningdek, forum xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy va amaliy muloqotni mustahkamlash, ularning salohiyatini O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ma'lumot uchun: Vatandoshlar mintaqaviy forumlari joriy yil davomida Yevropa Ittifoqi, AQSH va Kanada hamda MDH davlatlarida tashkil etilgan bo'lib, forumlar doirasida vatandoshlarmizning 200 dan ortiq taklif va tashabbuslari olindi.
0 Comment