O‘zbekiston Respublikasi Millatalararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita muassisligida chop etilayotgan “O‘zbekiston” jurnali tahririyati xodimlarining jurnalxonlar bilan uchrashuvlari anʼana tusini olgan. Ana shunday muloqotlardan biri Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 45-umumiy taʼlim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik,bu muhitning asosiy mezonlari bo‘lgan umummilliy totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, birdamlik va hamjihatlik tamoyillari haqida so‘z bordi.
Maʼlumki,
hozirgi vaqtda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik
jamiyati faoliyat yuritmoqda.Uzoq va yaqin xorijiy davlatlarda 100
ga yaqin vatandoshlar jamoat tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularning 50 tasi
bilan bevosita hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. “Ozbekiston” jurnali
tahririyati o‘z faoliyatida asosiy eʼtiborni ana shu milliy madaniy markazlar
hamda yuqorida qayd etilgan tashkilotlar hayotiga oid maqolalarni chop etish,
millatlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yana-da mustahkamlash,
ajdodlarimizining ibratli hayot yo‘lini yoritish orqali yosh avlodni
vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga qaratmoqda.
Taʼkidlash joizki,respublikamizdagi 10 mingdan ziyod umumiy taʼlim maktablarining 2 mingdan ziyodida darslar qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, rus singari qardosh millatlarning ona tillarida olib borilmoqda. O‘z navbatida bu maktablarda davlat tilini o‘rganishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Sariosiyo tumanidagi 45-umumiy taʼlim maktabi tojik tiliga ixtisoslashgani bilan ahamiyatlidir.
Jurnalxonlar bilan uchrashuvda tahririyat xodimlari maktab jamoasini qiziqtirgan turli savollarga javob qaytardilar.
Haydarali MAMATOV
0 Комментарий