Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

O‘zbekiston yoshlari – yangi tarix yaratadigan oltin avlod

By Muxtasar_Qodirova - 30 июня 2025 г. 23:19 141 Просмотры 0 Комментарий



Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi. O‘zbekiston yoshlarini ushbu qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga mehri va ishonchini bildirdi.

Mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar aniq natijalar berayotgani qayd etildi. O‘tgan yili yurtimiz yoshlari “TOP-500”talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yigit-qiz dunyodagi “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1 ming 500 nafari “TOP-300”dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.

Yurtdoshlarimiz san’at, sport sohalarida ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Yaqinda futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

– Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, – deya ta’kidladi Prezident.

Yoshlarga sifatli ta’lim-tarbiya berish, xorijiy tillarni o‘rgatish, kasb egallab, hayotda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish – davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Bunda zamon talabidan kelib chiqib, zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar o‘qitilgan. O‘tgan yili 150 mingdan ziyod yigit-qiz xalqaro til sertifikatlari olgan, bu – 2023 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p.

Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha orqali 292 mingta ish o‘rni yaratilmoqda. Yana 500 mingta ish o‘rni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Natijada “yashil” iqtisodiyot, sanoat, energetika, geologiya, muhandislik va boshqa sohalarda minglab mutaxassislarga talab paydo bo‘ladi.



Uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni bildirdi.

Xususan, Prezidentimiz farmoni bilan Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etildi. Unga 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinib, 3 ta yo‘nalishda chuqurlashtirib o‘qitiladi.

Milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi tanlanib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi.

Nufuzli xorijiy oliygohlarga kirayotgan barcha yoshlar ham 100 foizlik grant olish imkoniyatiga ega emas. Shu bois endi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “TOP-300”talik oliygohga kirganlarning o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi.

Eng avvalo, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika, energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar oshirilmoqda. Endi banklar “TOP-300” talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit beradi.

Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha bank-moliya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va energetikani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushiriladi.



Massachusets texnologiya institutining sun’iy intellekt ta’lim dasturi asosida informatika o‘quv dasturlari yangilanadi. Viloyatlardagi informatika o‘qituvchilari Yangi O‘zbekiston universitetida ushbu dasturga o‘qitiladi.

“Raqamli avlod qizlari” tanlovida ta’lim, sun’iy intellekt, “yashil” iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi kabi sohalarda 7 ming o‘quvchi va talabaning 120 ta startap loyihasi tanlab olindi. Joriy yil bu loyihaga kamida 50 ming nafar qizlar qamrab olinadi.

Startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Endi bu mablag‘ 1 milliard dollarga yetkaziladi. Maktablarda o‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant yo‘naltiriladi.

Oliygohlar o‘rtasida ham startaplar bo‘yicha har yili “Eng yaxshi kreativ g‘oya” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga oliygoh jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha grant beriladi.

Startapni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun Innovatsiya agentligi va IT-park tadqiqot va taraqqiyot markazini ochadi. Bunda, eng yaxshi loyihalar bo‘yicha prototip yaratish xarajatining 50 ming dollargacha qismi “Yoshlar venchur” jamg‘armasidan qoplanadi.

Endi sanoat, servis, tadbirkorlik va qishloq xo‘jaligida band yoshlarning kasbiy rivojlanishi bo‘yicha ham tizim yaratiladi. Har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida respublika musobaqalari o‘tkaziladi. Bunda davlat korxonalari va xususiy sektor vakillari tengma-teng ishtirok etadi.



Tarmoq rahbarlari har yili o‘z tizimidagi 100 nafar yoshni seleksiya qilib, xorijiy stajirovkaga yuborishni yo‘lga qo‘yadi. Buning uchun, har bir tarmoq 10 milliard so‘mdan ajratadi.

Ma’lumki, maktab bitiruvchilari hamda talabalarning bandligini ta’minlash bo‘yicha ikkita dastur qabul qilingan. Shu maqsadda Aloqabank va Milliy bankka 300 million dollar ajratilgan. Ular “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 100 ming yoshlarni, “Kelajakka qadam” orqali 140 ming oliygoh bitiruvchisini daromadli ish bilan ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga yil yakunigacha oliygoh, texnikum, kasbiy ta’lim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bog‘laydigan platformani ishga tushiradi. “Harakatda daromad” elektron tizimi yaratilib, ta’tildagi 3 million yoshlar malaka talab qilmaydigan ishlarga jalb qilinadi.

So‘nggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. O‘tgan oyda istiqbolli kadrlar tayyorlash va ularni davlat boshqaruviga jalb etish bo‘yicha Prezident farmoni imzolandi.

Endi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi bo‘yicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar o‘qitiladi. Ular vazir va hokimlarga biriktirilib, tajriba orttiradi. Ikki haftaga xorijiy stajirovkaga yuboriladi. Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod bo‘ladi.

Yoshlar ta’lim-tarbiyasida kitobsevarlik, san’at va madaniyatning ahamiyati katta. Shu bois bu yo‘nalishdagi tanlovlarda g‘olib bo‘lganlar chekka hududlardagi maktablarga borib, chiqishlar qiladi. Buning uchun viloyat hokimlari bittadan avtobus olib beradi.



Respublika tanlovi g‘oliblariga madaniyat va san’at oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi. “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari Bolalar va musiqa san’at maktablarida bepul o‘qitiladi.

Yosh avlodda vatanparvarlikni kuchaytirish, turli zararli ta’sirlardan asrash masalasi ham dolzarb. Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i”da ochilgan “Millat fidoyilari” monumentidan maqsad ham shu. U yerda el-yurtimiz tinchligi yo‘lida aziz jonini fido qilgan 196 nafar mard va jasur harbiylarimiz, huquq-tartibot idoralari xodimlarining nomlari muhrlangan. Bu qutlug‘ maskanni ziyorat qilgan yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yanada yuksalishi ta’kidlandi.

Davlatimizning yoshlarga oid siyosati xalqaro hamjamiyat ham keng e’tirof etmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi. Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz bu borada eng tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlat, deb topildi.



Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, Toshkent shahri – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi yoshlari poytaxti maqomini oldi.

Shu kunlarda yurtimizda Global yoshlar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu forum nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo yoshlari uchun samarali hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish maydoni bo‘lishi qayd etildi.

Prezidentimiz yoshlarning bilim va iqtidorini e’tirof etib, ular bilan g‘ururlanishini ta’kidladi.

– Sizlarning har bir yutug‘ingiz – butun xalqimizning yutug‘idir. Azmu shijoatingiz, sog‘lom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz – millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir, – dedi davlat rahbari.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий