Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Davlatimiz rahbarining Ozarbayjonga tashrifi xorijiy ekspertlar talqinida

By Muxtasar_Qodirova - 6 июля 2025 г. 23:45 176 Просмотры 0 Комментарий

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-4 iyul kunlari Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sammitidagi ishtiroki ko‘p qirrali va o‘zaro manfaati hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim poydevor bo‘ldi.

Ayni mavzuga ko‘plab mahalliy va xorijiy ekspertlar iliq munosabat bildirayotgani ham tashrifning yuqori ahamiyatidan darak.

Yan Chen, Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi direktori:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi va Ozarbayjon – O‘zbekiston Oliy davlatlararo kengashi ikkinchi majlisidagi ishtiroki o‘zaro munosabatning strategik va ittifoqchilik xususiyati yorqin tasdig‘idir.

Imzolangan ikki tomonlama bitimlarning salmoqli to‘plami iqtisodiyot, logistika, madaniyat, ta’lim singari muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, barcha masalalarga tizimli yondashuv va uzoq muddatli hamkorlik maqsadini aks ettiradi.

Xitoy institutsional jihatdan mukammal, o‘zaro manfaatli va yuqori darajadagi siyosiy ishonchga asoslangan mazkur muloqot jarayonini qiziqish bilan kuzatmoqda. Aytish joiz, bunday yaqinlashuv zamirida ikki davlat rahbarlarining yaqin munosabati mujassam. Oliy darajadagi doimiy muloqot dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar bo‘yicha kelishilgan qarorlar chiqarish, qo‘shma tashabbuslarni tezkorlik bilan ilgari surishga xizmat qilmoqda.

Ittifoqchilikni izchil mustahkamlayotgan O‘zbekiston Qorabog‘ hududini tiklashda Ozarbayjonga yordam ko‘rsatgan ilk davlat sifatida o‘ta muhim insonparvarlik harakatini amalga oshirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoda birinchi bo‘lib o‘z tashabbusi bilan ozod qilingan hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash uchun mablag‘ yo‘naltirdi. Jumladan, Fuzuliy tumanida zamonaviy maktab qurildi. Bu qadam keng ko‘lamda aks-sado berib, o‘zbek-ozar birodarligi xalqaro jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirdi.

Bugungi kunda asosiy e’tibor bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiyotlarni, birinchi navbatda, energetika, qurilish, mehmonxona biznesi va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalar orqali rivojlantirishga qaratilmoqda. Eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish quvvatlari, logistika va agrosanoat markazlari barpo etish kabi aniq investitsiya dasturlari amalga oshirilmoqda. To‘qimachilik, meva-sabzavot, qurilish va metallurgiya sanoatida udkan salohiyatga ega O‘zbekiston Ozarbayjon timsolida nafaqat muhim strategik hamkor, balki yangi bozorlarga chiqish yo‘lini ham topmoqda.

Transport va logistika yo‘nalishidagi aloqalar alohida o‘rin tutadi. Global ta’minot zanjiri o‘zgarishi sharoitida mamlakatlar yangi, barqaror yo‘nalishlarni qidiryapti. Shu asnoda O‘zbekiston “Boku – Tbilisi – Kars” O‘rta yo‘lagi loyihasini faol ilgari surmoqda, Olot portida ham terminal qurishdan manfaatdor. Shu tariqa shimoliy yo‘nalishlarga munosib muqobil tashabbus sifatida eksport va tranzit uchun qisqa, arzon yo‘nalish taklif etiladi. Ushbu yo‘lakning geografik ustunligi tekis relefi, ko‘p yukni kam vaqt va past narxda tashish imkoniyatida namoyon bo‘ladi.

Eng muhimi, mazkur transport zanjiriga ko‘pgina davlatlar, jumladan Xitoyning ham qiziqishi ortmoqda. XXRdan Yevropaga dengiz orqali yuk olib borish uchun 35-40 kun ketadi, Trans-Sibir yo‘nalishi bo‘yicha esa taxminan 20 kun yurishga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz orqali o‘tadigan Yevrosiyo quruqlik yo‘li, ayniqsa, yuqori daromadli va vaqt talab qiladigan mahsulotlarni yetkazib berish uchun muhim chiziqqa aylanishi tabiiy.

Said Elbanna, Qatar universiteti Tadbirkorlik va tashkiliy mahorat markazi direktori:

– Birinchi navbatda tashrif O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi barqaror tendensiyani yana bir bor tasdiqladi. Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanishi beqiyos ahamiyatga ega. Hujjatda tomonlarning mintaqaviy va xalqaro siyosat doirasidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirishga tayyorligi ta’kidlangan.

Savdo-iqtisodiyot yo‘nalishda ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek Kaspiy dengizi orqali logistika yo‘lagini kengaytirish bo‘yicha kelishuv mavjud.

Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi Transkaspiy transport yo‘li (O‘rta yo‘lak)ni rivojlantirish savdo yo‘llarining global transformatsiyasi sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi amaliy hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi, deb o‘ylayman. Imzolangan hujjatlar, erishilgan kelishuvlar ikki davlatning mintaqa hamda xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlaydigan uzoq muddatli loyihalarga asos soldi.

Xose Mari Chikiyo (Ispaniya), YUNESKOning “Ipak yo‘llari” xalqaro dasturi rahbari, Xalq partiyasi deputatlari kongressining sobiq a’zosi:

– Tashrif, shubhasiz, zamonaviy diplomatiya amaliyotida yorqin voqea, strategik sheriklikni hayotiy mazmun bilan boyitish namunasidir.

Avvalo, ikki davlat rahbarlari nafaqat siyosiy va iqtisodiy masalalar, balki gumanitar-madaniy sohaga ham e’tibor qaratgani e’tirofga loyiq. Demak, har ikki tomon xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik, tarixiy aloqalar muhimligini chuqur anglab yetgan.

Boku shahrida O‘zbekiston elchixonasi yangi binosi tantanali tarzda ochilishi tashrifning ramziy voqealaridan biridir. Inshoot milliy o‘zlikni hurmat qilish timsoliga aylangan: zallar O‘zbekiston viloyatlari nomi bilan atalgan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan do‘stlik va hamjihatlik belgisi sifatida bir zalga Qorabog‘ nomi beriladi. Bu shunchaki diplomatik ishora emas, balki o‘zaro ishonchni mustahkamlovchi, tarixiy tuyg‘u va an’analarga yuksak hurmat-ehtiromni namoyon etuvchi madaniy ko‘prikdir. Elchixonada diplomatlar faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoit hamkorlikni barcha darajada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Bokuning eng istiqbolli hududlaridan biri – “Oq shahar” mavzesida “O‘zbekiston” bog‘i qurilishi boshlanishi ham bejiz emas. 4,5 gektar maydonni egallagan ushbu loyiha nafaqat dam olish maskani, balki madaniy almashinuv maydoniga ham aylanadi. Milliy o‘zbek me’morchiligi unsurlari, me’moriy yodgorliklar, yam-yashil xiyobonlarni qayta tiklash, shuningdek mehmonxona, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar yaratish rejalashtirilgan. Bu shunchaki bog‘ emas, ochiq osmon ostidagi madaniyat elchixonasi bo‘lib, majmuada Ozarbayjon aholisi va mehmonlari O‘zbekistonning boy tarixi, an’analari va estetikasi bilan tanishishi mumkin. Davlat rahbarlari poydevor qo‘yishda shaxsan ishtirok etishi ramziy ma’noga ega.

Bundan tashqari iqtisodiy sohada – tovar ayirboshlash va o‘zaro sarmoya miqdorini 1 milliard dollarga yetkazish, hamkorlikning yangi shakllarini yo‘lga qo‘yish, “yashil” energetika va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar har ikki davlat barqaror rivojlanishiga xizmat qiladigan, uzoqni ko‘zlagan rejalar namoyishidir.

Transport aloqasi va O‘rta yo‘lakni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor strategik fikrlash va keng Yevrosiyo integratsiyasiga yo‘naltirilgan. Bundan nafaqat ikki davlat, balki Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, jumladan Ispaniya ham naf ko‘radi.

Ilmiy-ma’rifiy nuqtai nazardan rektorlar forumi, parlamentlararo uchrashuv, yoshlar tadbirlari muvaffaqiyatli o‘tayotgani ayniqsa quvonarli. Bu akademik hamkorlik, talaba va olimlar almashinuvi, qo‘shma tadqiqot uchun mustahkam zamin yaratadi.

Umuman, O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi diplomatiyani nafaqat rasmiy muzokaralar, balki insoniy va madaniy mazmun bilan ham boyitish mumkinligining ishonchli va yorqin namunasidir. Tarixda chuqur iz qoldiradigan va dunyoning boshqa mintaqalari uchun namuna bo‘la oladigan mazkur voqea – o‘zaro hurmat, muloqot, taraqqiyot va tinchlik garovidir.

Go‘zal Sattorova tayyorladi. O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий