2026-yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy universitetida mazkur oliyo‘quv yurtida faoliyat olib borayotgan olimlar, "Jurnalistika" yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar bilan “O‘zbekiston” jurnali tahririyati ijodiy xodimlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ochiq muloqot asnosida kechgan suhbat chog‘ida tadbir ishtirokchilariga
“O‘zbekiston” jurnali haqida ma’lumot berildi. Mazkur nashr o‘z faoliyatini
2018-yildan boshlagan va bir yilda 4 marta,
ya’ni har chorakda bir marta chop etiladi.
O‘zbek, rus, ingliz tillarida chiqadigan ushbu jurnal O‘zbekiston Respublikasining
xorijdagi 55 ta vakolatxonasiga tarqatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi qaroriga asosan
“O‘zbekiston” jurnalini xalqaro yo‘nalishda qatnovchi yo‘lovchi samolyotlari hamda
xalqaro yo‘nalishda qatnovchi yo‘lovchi poyezdlarining o‘rindiqlariga joylashtirish
vazifasi belgilangan. Shu maqsadda bugungi kunda mazkur nashr Trasport vazirligiga
muntazam yetkazib berilmoqda.

Uchrashuvda yurtimizda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bag‘rikenglik, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elatlarning urf-odatlari, qadriyatlarini saqlash borasida yaratilgan sharoitlar haqida fikrlar bildirildi.

Tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, amaliy jurnalistika, ijodiy yondashuv hamda professional mahoratni oshirish bo‘yicha muhim tavsiyalar oldilar.

Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda ustozlar tomonidan yosh jurnalistlar faoliyatida mas’uliyat, xolislik va tahliliy fikrlashning o‘rni muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Muallif: S. Mardiyev
0 Комментарий