Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Islandiyada O'zbekiston madaniyati kunlari o'tkazildi

By Muxtasar_Qodirova - 10-May, 2025-yil 23:26 37 Koʻrishlar 0 Izoh

Islandiya poytaxti Reykyavik shahrida "Samarqand – Ipak yo'lining yuragi" mavzusida madaniy-ma'rifiy tadbir va konsert dasturi tashkil etildi.

Tadbir O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Islandiyaning Nordik madaniyat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Islandiya rasmiy idoralari mas'ullari, nufuzli ilmiy-akademik, ishbilarmon va jamoat doiralari vakillari va mazkur mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.


O'zbekiston diplomatlari o'z chiqishlarida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda O'zbekiston va Islandiya o'rtasidagi munosabatlarning holati va istiqbollari haqida to'xtaldilar. Ishtirokchilarga O'zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy jozibadorligi, amalga oshirilayotgan "yashil" investitsiyaviy loyihalar, xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlik, madaniyat, san'at, turizm, ilm-fan, yoshlarga qaratilayotgan e'tibor hamda ajdodlarimiz ilmiy-ijodiy merosini o'rganish yo'nalishlarida olib borilayotgan ishlar to'g'risida baatfsil ma'lumot berildi.


YUNESKO Bosh konferensiyasi qirq yildan ortiq vaqtdan so'ng Parijdan tashqarida ya'ni Samarqand shahrida o'tkazilishi, uning tarixiy ahamiyati hamda O'zbekistonning boy madaniy va turizm salohiyati haqida ta'kidlandi.


Yig'ilganlar e'tiboriga O'zbekistondagi YUNESKO Umumjahon madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan obidalar haqidagi videorolik taqdim etildi.


Shuningdek, tadbir doirasida O'zbekistonning boy madaniy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma tashkil etildi. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti badiiy jamoasi tomonidan taqdim etilgan konsert dasturi va unda ijro etilgan o'zbek milliy raqslari, kuy va qo'shiqlari ishtirokchilar katta taassurot qoldirdi.


O'zbekiston tomoni tadbir doirasida YUNESKO huzuridagi "GRÓ" xalqaro markazi rahbariyati bilan ham uchrashuv o'tkazdi.


Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring