Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati natijasida 2017 yilda O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar davriga qadam qo‘ygandan keyin YUNESKO bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yuzlab ta’lim muassasalari, minglab pedagoglar va millionlab ta’lim oluvchilarni qamrab olgan yirik qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Maktablarni raqamlashtirish, pedagogik ta’limni rivojlantirish, o‘qituvchilarning uzluksiz malakasini oshirish tizimini shakllantirish va o‘rta ta’lim sifatini oshirish jarayoniga salmoqli hissa qo‘shgan hamkorlik dasturi imzolandi.
Bugun O‘zbekiston ta’lim tizimida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotganini raqamlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27 foizdan 70 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 8 foizdan 38 foizga oshdi. Bu bilimlar nafaqat shaxsiy boylik, balki milliy strategik resurs sifatida qaraladigan yangi turdagi fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun asos yaratadi.
YUNESKO bilan hamkorlik ta’lim sohasi rivojlantirish bilan birga madaniy merosni saqlab qolishga ham qaratilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlar YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu ro‘yxatdan G‘arbiy Tyan-Shan va mintaqamizning noyob ekologik va biologik tuzilishini o‘zida aks ettiruvchi Turon sahrolari ham joy olgan.
Shoshmaqom, katta ashula, “Lazgi” raqsi, kulolchilik an’analari, atlas va adras to‘qish kabi 20 dan ortiq nomoddiy meros elementlari jahon madaniy merosi sifatida tan olingan. Bu yutuqlar O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi siyosati o‘tmishni saqlab qolishgagina emas, balki madaniy merosni jamiyatning o‘ziga xosligi, birligi va insonparvarlilik asosini mustahkamlaydigan muhim resurs sifatida anglashga qaratilganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilishi alohida ahamiyatga ega. Bu tarixiy voqea so‘nggi 40 yilda birinchi marta Tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston uchun anjuman maydoni sifatida Samarqandning tanlanishi jahon hamjamiyatining katta ishonchi, mamlakatimizning xalqaro muloqot, hamkorlik va madaniy hamjihatlik maskani bo‘la oladigan davlat sifatida e’tirof etilishini anglatadi. Samarqand – azaldan sivilizatsiyalar tutashgan chorraha, bilimlar, g‘oya va ma’naviy izlanishlar markazi bo‘lib kelgan. Ushbu tarixiy shahar Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni birlashtiruvchi an’analar ramzi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.
Konferensiyaning o‘tkazilishi O‘zbekistonda ta’lim va madaniyatni rivojlantirish ichki vazifa bo‘libgina qolmay, umumiy kelajakka hissa qo‘shish ham deganidir. Barqaror rivojlanish, madaniy merosni asrash, raqamli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarni yolg‘on axborotdan himoya qilish, gender tenglik, xotin-qizlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, iqlim barqarorligi hamda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlik masalalari anjuman kun tartibidan o‘rin oldi. Ushbu barcha yo‘nalishlar O‘zbekistonning milliy ustuvor maqsadlariga mos keladi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ochilishida ishtirok etishi ta’lim, madaniyat va ilm-fan ijtimoiy siyosat sohalari bo‘libgina qolmay, balki demokratik taraqqiyot poydevori, milliy birlikni mustahkamlash asosi va mamlakat kelajagini barpo eta oladigan yoshlarni tarbiyalash omili ekanini davlat miqyosida anglash ramzidir.
O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslarda sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy qilish, inklyuziv ta’lim dasturlarini rivojlantirish, ilmiy va madaniy almashinuv uchun xalqaro maydonlarni tashkil qilish, shuningdek fan va ta’lim boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish zarurligi qayd etiladi.
Davlatimiz rahbarining YUNESKOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasi, Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumi va Raqamli meros xalqaro institutini tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari mamlakatimizning nafaqat xalqaro jarayonlarga moslashishga, balki ularning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishga bo‘lgan intilishini ham ko‘rsatadi.
Parlamentda xotin-qizlar manfaatlarini aks ettiruvchi deputat sifatida Samarqand sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar orasida global taraqqiyotning gumanitar jihatini mustahkamlashga qaratilgan takliflarni alohida e’tirof etmoqchiman. Birinchidan, YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini shakllantirishga taalluqli bo‘lib, bu imkoniyatlar tengligi va barcha toifadagi o‘quvchilarning sifatli ta’lim olish imkoniyatini ta’minlaydi. Ikkinchi taklif Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad yangi iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashishning xalqaro formatini shakllantirishdir.
Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra, O‘zbekistonda YUNESKO bilan hamkorlikda “Sun’iy intellekt - maktab” pilot loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish va yoshlarning ijodiy fikrlashini rivojlantirishga xizmat qiladi. To‘rtinchi tashabbus “YUNESKO ekologik poytaxti” global dasturi bo‘lib, u shaharlarning ekologik mas’uliyatini mustahkamlash, barqaror va yashil amaliyotlarni keng joriy qilishga qaratilgan.
O‘zbekistonda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va ularning turmush darajasini oshirishda yuqorida sanab o‘tilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega.
Inklyuziv ta’limni rivojlantirish alohida ehtiyojmand qizlarning teng bilim olishini ta’minlab, ta’lim muhitida ijtimoiy adolatni mustahkamlaydi. Jahon professional ta’lim sammitining o‘tkazilishi iqtisodiyotning yangi tarmoqlariga yo‘naltirilgan kadrlarni tayyorlash dasturini shakllantirishga yordam beradi, bu esa xotin-qizlarning kasbiy rivojlanishi va yuqori texnologiyali sektorlarda ish bilan ta’minlanishi uchun katta imkoniyatlarni ochadi.
“Sun’iy intellekt - maktab” pilot loyihasining amalga oshirilishi qizlarda ilg‘or texnologiyalar bilan ishlashda raqamli ko‘nikmalarni shakllantiradi. Bu o‘ziga bo‘lgan ishonch, tashabbuskorlik va mustaqillikni talab etayotgan bugungi sharoitda ayniqsa muhimdir.
“YUNESKO ekologik poytaxti” global tashabbusi ham xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini mustahkamlashga ta’sir ko‘rsatadi, chunki ekologik shahar muhitini rivojlantirish inson hayoti, salomatligi, uning jamiyat hayotida ishtirok etishi va xotin-qizlar tashabbuslarini rivojlantirish uchun yanada xavfsiz sharoitlarni yaratadi.
Shunday qilib, bu takliflar bir tomondan ta’lim, ilm-fan, iqtisodiyot sohalarida va jamiyatimiz hayotida xotin-qizlarning barqaror va munosib o‘rnini egallashi uchun asoslarni mustahkamlasa, boshqa tomondan O‘zbekistonning nafaqat xalqaro tajribadan samarali foydalanishga, balki global ahamiyatga ega gumanitar kun tartibni shakllantira oladigan yangi qarorlarni taklif etishga bo‘lgan intilishini ham aks ettiradi.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligi ta’limni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy tenglik va tinchlikni mustahkamlash kalitiga aylanib borayotganiga misol bo‘ladi. Samarqanddagi Bosh konferensiya yangi xalqaro dasturlar, qo‘shma tashabbuslar va madaniy almashinuvlar uchun imkoniyat yaratib, bu jarayonni kuchaytiradi.
N. Rashidova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA
0 Izoh