Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Hamkorlikning muhim omili

By Muxtasar_Qodirova - 30-Dekabr, 2025-yil 17:51 1,537 Koʻrishlar 0 Izoh

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasi bugungi kunda yuz berayotgan chuqur global o‘zgarishlar sharoitida mamlakatni yanada rivojlantirishga qaratilgan strategik qarashlarni o‘zida mujassam etgan muhim dasturiy hujjatdir.

 

Unda ichki va tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlari tinchlik, barqarorlik, ijtimoiy totuvlik hamda xalqaro hamjamiyat bilan konstruktiv hamkorlik tamoyillari asosida izchil va atroflicha belgilab berilgan.

 

Murojaatnomada O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqining birligini mustahkamlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, millatidan, tilidan va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona, umumxalq g‘oyasi — Vatan manfaatlari va xalq farovonligiga xizmat qilish birlashtiradi. Aynan mana shu qadriyat davlat barqarorligi, jamiyatdagi hamjihatlik va izchil modernizatsiya jarayonlarining mustahkam poydevori hisoblanadi.  Respublika Ozarbayjon milliy madaniy markazi boshqaruvi raisi sifatida shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonda olib borilayotgan millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati tizimli, vazmin va uzoqni ko‘zlagan xarakterga ega. Davlat tomonidan yaratilgan sharoitlar barcha milliy jamoalar vakillariga o‘z madaniy o‘ziga xosligini asrab-avaylash, milliy an’analarni rivojlantirish hamda mamlakatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekiston ozarbayjon jamoasi ko‘p millatli jamiyatning ajralmas qismi sifatida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlab, fuqarolik totuvligi va ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.


Ta’kidlash joizki, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik o‘zaro muloqot, hurmat va jamiyatni birlashtirishga qaratilgan maqsadli davlat siyosatining samarasi hisoblanadi. Bugungi kunda har bir fuqaro o‘zining Vatan kelajagi uchun mas’uliyatini chuqur anglagan holda, hayot sifatini yaxshilash, iqtisodiyot, fan, ta’lim va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etmoqda.


Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan tashqi siyosat ustuvorliklari ham alohida e’tiborga loyiqdir. Kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik, global qarama-qarshiliklar va xalqaro maydonda ishonch tanqisligi sharoitida O‘zbekiston vazmin, pragmatik va ochiq tashqi siyosat yo‘lidan izchil bormoqda. Barcha davlatlar bilan teng huquqli muloqotni rivojlantirish, konstruktiv hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir.   Bugungi kunda tinch va barqaror O‘zbekiston nafaqat xalqaro maydonda ishonchli hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish, xavfsizlik va yaxshi qo‘shnichilikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ochiqlik, suverenitetni hurmat qilish va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan siyosat mintaqada o‘zaro ishonchni mustahkamlash va hamkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.


Ishonchim komilki, millatlararo totuvlik, fuqarolik birligi va konstruktiv tashqi siyosat tamoyillarini izchil ilgari surish kelgusida ham O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti, uning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash hamda xalqimiz farovonligini oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib qoladi.

 

Mobil Mamedov,

Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi raisi

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring