Xurjun bu tukli gazlama to‘qish texnikasi yordamida to‘qilgan buyum hisoblanadi. U o‘zaro ulangan ikkita to‘rva-xaltadan iborat. To‘rvalar og‘ziga, ularni yopish imkoniga ega bo‘lish uchun tasma tikilgan. Xurjunning yuza qismlari handasaviy naqsh (ilgakli romblar) bilan bezatilgan. Asosi – paxta, paxmoq – jun bo‘lib, qizil, to‘q sariq, to‘q ko‘k, oq, yashil va jigarrangga bo‘yalgan. Astari sellyuloza tolali yo‘l-yo‘l matodan yoki kanopdan iborat. Ma’lumki, bunday turdagi junli mahsulotlarni mahalliy gilamdo‘zlar to‘qigan.

Yugan ham “Laqay va qo‘ng‘irotlarga oid yarim ko‘chmanchi qabilalarning kashtachilik san’ati” bo‘limida tasvirlangan naqshli buyumlarni eslatuvchi, ammo qo‘y va echki junidan to‘qilgan ensiz panellardan yig‘ilgan. Ot lo‘njidagi va qanshari bo‘ylab to‘qilgan qo‘shimcha matolar ko‘plab ilgaklar bilan naqsh ko‘rinishida bezatilgan. Qanshar va chakka qismi to‘q qizil rangdagi baxmaldan qilingan. Bu qismlar kauri chig‘anoqlari, feruza munchoqlar va osma shokilalar bilan bezatilgan.
Jabduq esa odatda egar ostidan joy oluvchi bezakli mahsulot. U dastgohda to‘qilgan baxmal mato va ishlov berilgan charmdan tayyorlangan. Quyi qismiga turli rangdagi iplar bilan ko‘plab gullar va bir juft qush tasviri kashta qilib tikilgan. Bu naqshlar so‘zana kashtalarini eslatadi. Jabduqning pastki cheti ipak shokila bilan bezatilgan.

–Otlar azaldan qabila jamoalari hayotida muhim o‘rin tutgan, –dedi Respublika “Hunarmand” uyushmasi mas’ul xodimi Nilufar Hamidova. – Ular tezligi va chidamliligi uchun qadrlangan, urush paytlarida esa suvoriylar harakatchanligini oshirishda afzal ko‘rilgan. Shuningdek, otlar harakatlanish vositasi sifatida tengsiz bo‘lgan, ulardan sport o‘yinlarida, hatto marosim va ma’rakalarning muhim tarkibiy qismi sifatida foydalanilgan. Otlar o‘z ahamiyatiga ko‘ra egalarining ko‘z oldida hashamatli bo‘lmasa ham, maqomiga munosib anjomlarni olishgan. Bugun esa bu anjomlar xorijliklarni ham qiziqtirmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA
0 Izoh