Mustaqillik yillarida davlat va jamoat arboblari, olimlar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, hunarmandlar kabi jamoatchilik vakillarining amaliy sa’y-harakatlari mamlakatimizning xalqaro miqyosda tanilishi va nufuzi oshishiga xizmat qilmoqda. Ularning faoliyatiga oid arxiv hujjatlarni o‘rganish, tahlil qilish muhim ahamiyatga ega.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasining Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda “O‘zarxiv” agentligi hamkorligida “Xalqaro hamkorlikka oid arxiv hujjatlari – xalq diplomatiyasi uchun muhim manba” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir xalqaro hamkorlikka oid arxiv hujjatlarining ahamiyati va xalq diplomatiyasiga qo‘shadigan hissasi haqidagi muhim muhokamalardan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatida Birodar shaharlar alyansi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti Manbashunoslik va arxivshunoslik kafedrasi, O‘zbekiston milliy arxivlari, tarixchi olimlar va milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning muhim qismlaridan biri arxiv materiallari ko‘rgazmasi bo‘lib, unda O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi va O‘zbekiston milliy arxivi saqlovidagi xalqaro aloqalarga oid 40 dan ortiq hujjat namoyish etildi.
Ishtirokchilar mazkur materiallar orqali O‘zbekistonning xalqaro aloqalardagi o‘rni va xalq diplomatiyasining rivojlanishini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Davra suhbatida ma’ruzalar orqali xalqaro aloqalar, tarixiy meros va xalq diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator yangi tahlillar taqdim etildi.
Jumladan, xalq diplomatiyasining ahamiyati, undan foydalanish usullari va istiqbollari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q.Sobirov xalqaro hamkorlikdagi zamonaviy tendensiyalar va xalq diplomatiyasining global ahamiyati haqida fikr bildirdi.
“O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupov arxiv ishi va arxiv materiallari orqali xalq diplomatiyasini rivojlantirish imkoniyatlarini ma’lum qildi.
– O‘zbekistonning madaniy merosini asrash va dunyoga keng targ‘ib etish bugun juda muhimdir, – dedi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova. – Eng katta tarixiy fotosuratlar bizning muzeyda mavjud. Shu sababli katta ko‘rgazma tashkil etish taklifini bildirmoqchi edim. Shu bilan birga, xorijdagi muzeylarda ham mamlakatimiz tarixiga oid ko‘plab foto materiallar, arxiv hujjatlari bor. Ular bilan hamkorlikni kengroq yo‘lga qo‘yish muhimdir. Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Bugun O‘zbekiston yangi tashabbuslarni ilgari surayotgan davlat sifatida jahonga tanilmoqda. Bunda tegishli tashkilotlar, shuningdek, “Birodar shaharlar alyansi” tuzilmasi bilan hamkorlikni kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbati yakunida Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi va Toshkent shahridagi "Kelajak" markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA
0 Izoh