Bu borada 1992-yildan buyon faoliyat yuritayotgan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yillar davomida Andijonda Bog‘i Bobur majmuasi hamda Bobur Mirzoning ramziy maqbarasi barpo etildi. “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi tashkil etildi. Bundan tashqari, Bobur va boburiylar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda, qator xorijiy davlatlarda juda ko‘p tadbirlar, xalqaro anjumanlar o‘tkazildi, yangi yangi kitoblar nashr etildi, hujjatli filmlar yaratildi. Bobur xalqaro mukofoti, “Bobur va dunyo” jurnali ta’sis etildi.
Fondning Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Hindiston, Misr, Turkiya, Rossiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Yaponiya davlatlarida jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi bo‘limlari tashkil etildi.
– Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi Bobur izidan 40 dan ziyod mamlakat bo‘ylab ilmiy safarlar uyushtirdi. Natijada ko‘plab yangi-yangi manbalar topildi, Andijonga olib kelinib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan o‘rin oldi. Hozirda muzeydan 1,5 mingga yaqin noyob qo‘lyozma asarlar, nodir kitoblar, qimmatli manbalar joy olgan. Jumladan, “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi, Bobur Mirzo kashf etgan alifbo – “Xatti Boburiy”da ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko‘chirma hamda “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ortiq nusxasi saqlanmoqda, – deydi Bobur nomli xalqaro jamoat fondi rahbari o‘rinbosari Rustamjon Mamasoliyev.
Keyingi yillarda fond ko‘magida “Boburnoma” bir necha marta qayta nashr qilindi. Ushbu asarning kiril va lotin alifbolardagi tabdili, shuningdek, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari fors tilidan tarjima qilinib chop etildi. Boburshoh va Xumoyun Mirzoning hayoti va faoliyati bayon etilgan Xondamirning “Habib us-siyar” asari, turli tillarda yaratilgan “Gulbadan”, “Andijon shahzodasi”, “Bobur – yo‘lbars”, “XVI-asr bunyodkori” nomli kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Fond tashabbusi bilan Bobur va boburiylar, qolaversa, zaminimizda tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan dunyoning turli joylarida umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebaho va noyob asarlar namunalari Vatanimizga qaytarilganligi, avvalo, ko‘hna tariximizni yanada chuqur o‘rganishga xizmat qiladi, qolaversa, yosh avlod qalbida ulug‘ ajdodlarimizdan faxrlanish, iftixor tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiya tomonidan hozirda Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, Eron davlatlarida bo‘lgan Abu Ali ibn Sino, Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Lutfiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab, Xudoyorxon singari ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan maskanlar ziyorat qilindi. Xususan, Afg‘onistonning Dashti Dehikanor qishlog‘idagi yo‘qolib ketish arafasiga kelib qolgan mavlono Lutfiyning maqbarasi qayta tiklandi. Xirot shahrining Musallo maydonidagi Alisher Navoiyning qabr-maqbarasi xalqimizning milliy me’morchiligi uslubida yangitdan bunyod etildi, uning atrofida bog‘ yaratildi. Kamoliddin Behzodning qabr-maqbarasi ta’mirlanib, obodonlashtirildi.
– Keyingi yillarda yurtimizda buyuk tarixiy shaxslar merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi, – deydi Bobur nomli xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Holidaxon Shamsiyeva. – Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati va ijodiy merosini ilmiy jihatdan tadqiq etish, boburshunoslik fanini yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan 2025-yilda fond tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Boburshunoslikning yangi ufqlari: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro anjuman tashkil etildi. Anjuman doirasida Bobur podshoh va Boburiylar hayoti va faoliyatiga doir chop etilgan yangi kitoblar taqdimotlari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan, yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yo‘lbarsning tug‘ilishi” nomli hikoyasi motivi asosida Jamoat xavfsizligi universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan qisqa metrajli tarixiy-badiiy filmning namoyishlari tashil etildi.
“Bobur oyligi” doirasida Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi bilan hamkorligida “Bobur hayoti va ijodi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Anjumanda bir qator davlat, jamoat arboblari, yurtimiz va xorijiy davlatlarda faoliyat olib borayotgan boburshunos olimlar, yozuvchi hamda shoirlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro boburshunoslik ilmiy elektron platformasi yaratilib, ishga tushirilganligi shubhasiz, boburshunoslik rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi. Platformada jahon va O‘zbekiston olimlari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar, maqolalar va ilmi ishlanmalar o‘zbek, rus va ingliz tillarida jamlandi. www.baburid.uz domeni ostida yaratilgan platforma boburshunoslik fanini raqamlashtirish xalqaro ilmiy muloqotni mustahkamlash imkonini bermoqda.
Taniqli boburshunos olim Vahob Rahmonov tomonidan Bobur hazratlarining “Taqte” risolasi nashrga tayyorlandi. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti olimlari Shavkat Hayitov va Mahbuba Muhammadova “Boburiy va Shayboniy ijodkorlar talqini” nomli monografiyani nashrga tayyorlash ustida ish olib bormoqda.
bshunos olim Shokirxon Rustamxo‘jayev tomonidan tayyorlanayotgan “Boburshoh asarlari tilining izohli lug‘ati” esa “Boburnoma”da ishlatilgan so‘z va iboralardan tashqari, “Aruz”, “Volidiya”, “Mubayyin”, “Muxtasar” va “Devon” kabi asarlardagi hozirgi zamon kitobxoniga tushunish murakkab bo‘lgan so‘z, ibora va jumlalar kiritilmoqda.
“Boburnoma” hozirga qadar o‘ttizdan ortiq tillarda tarjima qilingan. Bugungi kunda “Boburnoma”ni qardosh turkman, qirg‘iz va tojik tillarida ham nashrdan chiqishi kutilmoqda. Fond O‘sh davlat universiteti olimlari bilan “Boburnoma”ning qirg‘iz tiliga tarjimasi borasida hamkorlik qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.
0 Izoh