Mazkur bayramda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ikki mamlakat yozuvchilari uyushmalari a’zolari, san’atkorlar, o‘qituvchi va talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Ergash Shoismatov, “Vatandoshlar” jamoat jamg‘armasi raisi Odiljon Sattorov, shahar hokimi o‘rinbosari Nargiz Qurbonzoda so‘zga chiqib, buyuk mutafakkirning serqirra ijodi, uning turkiy adabiyot taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr yuritdi.
Navoiy asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik, adolat va ma’rifat g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotgani ta’kidlandi.

Madaniy dastur doirasida o‘quvchilar va yosh ijodkorlar tomonidan shoirning g‘azal va ruboiylari ifodali tarzda o‘qildi. Milliy qo‘shiq va kuylar tadbirga alohida shukuh bag‘ishladi.
Anjumanda o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik adabiy va madaniy aloqalar haqida ham so‘z bordi. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi allomalar merosi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga Navoiy asarlari hamda o‘zbek adabiyotining sara namunalari taqdim etildi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA
0 Izoh