Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O‘zbekiston – Vengriya: xalq diplomatiyasida yangi bosqich

By Muxtasar_Qodirova - 27-Fevral, 2026-yil 11:15 1,187 Koʻrishlar 0 Izoh

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitada Birodar shaharlar alyansi hamda “O‘zbekiston–Vengriya” do‘stlik jamiyati hamkorligida “O‘zbekiston va Vengriya xalq diplomatiyasi: hamkorlikning yangi vektorlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


Tadbir avvalida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi. Unda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamda ta’lim sohalarida izchil rivojlanayotgan munosabatlar aks ettirildi.


Davra suhbatini qo‘mita raisi Qahramon Sariyev ochib, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, strategik sheriklik ruhidagi muloqot yo‘lga qo‘yilib, parlamentlararo, hududlararo va jamoatchilik darajasidagi aloqalar izchil kengayib bormoqda.


Tadbirda Vengriya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja so‘zga chiqib, tarixiy do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar mustahkamlanayotganini qayd etdi. Ta’lim, qishloq xo‘jaligi, innovatsiya, turizm va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar hamkorlikning amaliy natijasi ekani ta’kidlandi.


Shuningdek, Birodar shaharlar alyansi hamda “O‘zbekiston–Vengriya” do‘stlik jamiyati raisi Zokir Abidov xalq diplomatiyasining ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi. U birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalar, madaniy tadbirlar, yoshlar almashinuvi va ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada kuchaytirayotganini qayd etdi.


Muhokamalar davomida xalq diplomatiyasini rivojlantirish, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma grant va almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.


Tadbir yakunida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, xususan, xalq diplomatiyasi yo‘nalishidagi aloqalarni yanada faollashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring