Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Tehronda O‘zbekiston - Eron biznes forumi o‘tkazildi

By Muxtasar_Qodirova - May 12, 2025, 12:19 p.m. 140 Views 0 Comment

Bugun Tehron shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston - Eron biznes forumi ochilishida mamlakatimiz Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Islom Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif so‘zga chiqdi.

Bunday tadbirlar, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, o‘zaro hamkorlikning yangi qirralarini ochishga yordam berishi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, o‘zaro savdoda barqarorlik kuzatilmoqda. Xususan, tovar ayirboshlash miqdori 500 million dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni 210 dan oshdi. Mavjud zaxira chuqur tahlil qilinib, yangi o‘sish nuqtalari belgilandi, jami 1 milliard dollarlik loyihalar, savdo kelishuvlari shakllantirildi.



Hukumatimiz rahbari o‘z nutqida qatnashchilar e’tiborini mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida biznes muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlarga qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasiga qaratdi.



Jumladan, o‘tgan davrda yalpi ichki mahsulot 2 barobar o‘sgani, yaqinda Xalqaro valyuta jamg‘armasi mamlakatimiz YAIM ilk bor 100 milliard dollardan oshganini tasdiqlagani aytildi. Kelgusi besh yilda ushbu ko‘rsatkichni 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. 2025 yil birinchi chorak yakuni bo‘yicha mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,8 foizni tashkil etdi.



So‘nggi yillarda O‘zbekistonda 70 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘i ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi. 2030 yilga borib “yashil” energiya manbalarining energetikadagi ulushini 50 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan.



O‘zbekiston mineral resurslar va noyob foydali qazilmalarning ulkan zaxirasiga ega boy mamlakat hisoblanadi. Biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim qarorlar qabul qilinishi natijasida yurtimizda ikki yuzdan ziyod litsenziya va ruxsatnomalar talab qilinishi tartibi bekor qilindi, soliq turlari 13 tadan 9 taga qisqartirilib, ayrimlari ikki barobar kamaytirildi.



Valyuta bozori liberallashtirildi va daromadlarni repatriatsiya qilish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlandi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bahosi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Foyda solig‘i faoliyat turiga qarab 5 foizdan 15 foizgacha etib belgilandi.

Qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda faoliyat yurituvchi korxonalar esa foyda solig‘i to‘lashdan butkul ozod etilgan.

Mamlakatimizda yiliga 25 million tonna yuqori sifatli meva-sabzavot yetishtiriladi. Yiliga 2,5 milliard dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinmoqda.

Shuningdek, tadbirda mamlakatimiz dunyodagi ko‘plab davlatlar bilan imtiyozli savdo tizimiga egaligi ma’lum qilinib, eronlik ishbilarmonlar Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlardan keng foydalanishga taklif etildi.

O‘zbekiston - Eron biznes forumida qatnashish uchun mamlakatimizdan 100 nafardan ziyod tadbirkorlar, vazirlik va idoralar vakillari o‘zlarining turli yo‘nalishdagi ilg‘or taklif va tashabbuslari bilan qatnashib, “B2B” shaklida muzokaralar olib bordi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment