Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

"DEKLARATSIYALAR MULOQOTI" II XALQARO FORUMI BUGUN O‘Z ISHINI BOSHLADI

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 11, 2025, 12:24 p.m. 563 Views 0 Comment

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda AQShning “LYNC” (“Love Your Neighbor Community” ) nodavlat tashkiloti hamkorligida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etilgan.


Yirik anjumanda 15 mamlakatdan 50 nafarga yaqin yetakchi ekspert, dinshunos va siyosatchilar, xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Ular orasida Islom hamkorlik tashkiloti, Jahon musulmonlari ligasi, shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, BAA va Saudiya Arabistonidan nufuzli delegatsiyalar bor.


Forumning asosiy e’tiboridagi masalalar:

◾️ dinlararo muloqot va bag‘rikenglik,

◾️ vijdon erkinligini ta’minlash,

◾️ diniy kamsitishga qarshi kurash,

◾️ konfessiyalararo ishonchni mustahkamlash, geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan bir sharoitda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdir.


Forumda O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlik sohasidagi tajribasi alohida qayd etildi. 

   Ma’lumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat vakillari hamda 16 diniy konfessiya tinch-totuv yashab kelmoqda. Shuningdek, 2021 yilda “Vijdon erkinligi to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilingani, Konfessiyalar ishlari bo‘yicha Kengash faoliyati kengaygani, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy markazlari va Islom sivilizatsiyasi markazi samarali ish olib borayotgani ta’kidlandi.

   SMTI direktori Eldor Aripovning ta’kidlashicha, dunyoda diniy ziddiyatlar kuchayib borayotgan bir paytda, mazkur forum turli din vakillarini o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik asosida birlashtirishga xizmat qilmoqda.

 “Forumning asosiy vazifasi – ma’rifat va bag‘rikenglik madaniyatini ilgari surishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Biz forumni aynan “Muloqot” deb atashimiz ramziy ma’noga ega. Chunki deklaratsiyalar so‘zlar kuchga ega bo‘lganida va niyatlar umumiy yo‘nalishga aylanganida tug‘iladi. Ammo bu yo‘l doimo ishonchli muloqotdan boshlanadi – ana shu muloqotdan tashabbuslar, loyihalar va hamkorliklar vujudga keladi“, – dedi u.

     Forum doirasida SMTI va “LYNC” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

     11–13 sentyabr kunlari Samarqandda sayyor tadbirlar, seminarlar va amaliy uchrashuvlar o‘tkaziladi. Forum yakunida esa jahon hamjamiyatiga murojaat qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unda diniy ozchiliklar huquqini himoya qilish, kamsitishga qarshi kurash, bag‘rikenglik va tinchlikni targ‘ib qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar jamlanadi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment