Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O‘zbekiston – Xitoy munosabatlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi

By admin - Sept. 12, 2025, 4:17 p.m. 2,252 Views 0 Comment


Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning XXRga amalga oshirgan tashrifi O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi tarixida muhim voqea bo‘ldi. Pekindagi tantanali tadbirlar va Tyanszindagi SHHT sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Rais Si Szinpin bilan uchrashuvi ikki tomonlama munosabatga yangi siyosiy-iqtisodiy sur’at bag‘ishladi. Tomonlar strategik rejalar ishlab chiqib, transport, energetika, raqamli iqtisodiyot va madaniyat sohalarida qator kelishuvlarga erishdilar.

Ushbu tadbirlar natijalariga bag‘ishlab, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan poytaxtimizda matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbirda XXRning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bugungi siyosiy jarayon, ikki tomonlama sheriklik mavzusida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston rahbarining Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti va “SHHT plyus” formatidagi majlisdagi ishtiroki, unda ko‘p tomonlama muloqotni yanada rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha konstruktiv tashabbuslar ilgari surilgani alohida ahamiyat kasb etadi. Bu takliflarda O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi faol pozisiyasi, mutanosib va ​​o‘zaro manfaatli tashqi siyosat yuritish istagi namoyon bo‘ldi.

23 mamlakat yetakchilari ishtirok etgan Tyanszin yig‘ilishi tashkilot tarixidagi eng yirik sammit bo‘ldi. Keng miqyosdagi forumda Xitoy raisi Si Szinpin Global boshqaruv tashabbusini ilgari surdi va barcha mamlakatlarni global boshqaruvning yanada adolatli va oqilona tizimini yaratish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirdi.

Tadbirda ushbu tashabbusning mohiyati xususida ham jurnalistlarga axborot berildi.

Anjumanda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Xitoyning yirik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etib, so‘zga chiqqan yig‘inda Yuy Szyun jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment