Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Milliy madaniy markazlar: hamjihatlik sari qadam

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 14, 2025, 7:36 p.m. 573 Views 0 Comment

Bugungi kunda mamlakatimizda 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. 2021 yildan buyon milliy madaniy markazlar uchun davlat subsidiyalari ajratib kelinmoqda. Oxirgi to‘rt yilda respublika darajasidagi 14 ta markazga qariyb 5,5 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Milliy madaniy markazlarga “Do‘stlik uylari” va Qo‘mita binosida mutlaqo bepul asosda faoliyat yuritishi uchun sharoitlar yaratilgan.

Toshkent markazida barpo etilgan Milliy madaniy markazlar pavilonida 22 ta millatga xos do‘stlik uylar qurilib, joriy yilning 29 iyul kuni milliy madaniy markazlar pavilonining ochilishi tarixiy voqea sifatida baholandi. Turli millat va elatlarning madaniyatlarini saqlash va rivojlantirish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasida “Mamlakatimizda yashovchi turli millat va elat vakillarini umummilliy qadriyatlar atrofida birlashtirishda ijtimoiy hamkorlik istiqbollari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda qo‘mita va fond rahbariyati, milliy madaniy markaz vakillari, deputatlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev umummilliy totuvlikni ta’minlashning muhim elementi sifatida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millatlar va elatlarning madaniyati, tili, urf-odatlari, qadriyat va an’analarini saqlash hamda yosh avlodga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

Shuningdek, tadbir davomida milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini moliyalashtirish tizimi, davlat grantlari va subsidiyalari orqali ular faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Yakunda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

                                                                                                                                 O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment