Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O‘zbekiston–Pokiston aloqalari — tarixiy o‘zaro bog‘liqlikning tiklanishi

By Muxtasar_Qodirova - Oct. 12, 2025, 11:09 p.m. 1,541 Views 0 Comment

Tarixdan ma’lumki, turkiy mamlakatlar bilan qadimdan to bugungi kunga qadar aloqalarni kengaytirib, mustahkamlab kelayotgan davlatlar kelajagi hamisha istiqbolli va manfaatli bo‘lgan.

Yaqinda Turkiy akademiya tomonidan “Pokiston va turkiy dunyo: milliy o‘zlik, diplomatiya va strategik hamkorlik” (Pakistan and the Turkic World: Identity, Diplomacy and Strategic Partnership) nomli kitob nashr etildi.

Asarda Pokiston Islom Respublikasining turkiy mamlakatlar bilan qadimgi davrdan to bugungi kunga qadar aloqalari hamda kelajak istiqbollari tadqiq etilgan.



Kitobda Pokistonning Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan uzoq tarixdan boshlab, zamonaviy davrga qadar davom etgan munosabatlari yoritilgan. Asarning 220–240-sahifalarini qamrab olgan sakkizinchi bob — “O‘zbekiston–Pokiston aloqalari: tarixiy o‘zaro bog‘liqlikning tiklanishi” deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimov tomonidan tayyorlangan.

Mazkur bobda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi aloqalar keng qamrovli tahlil etilgan bo‘lib, ularning ildizlari Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqalishi ta’kidlanadi. Muallif Kushon podshohligi, Temuriylar sulolasi va Boburiylar davridagi tarixiy bog‘liqlikni zamonaviy hamkorlik uchun mustahkam poydevor sifatida ko‘rsatadi.

Tadqiqotda ikki davlat munosabatlarining asosiy yo‘nalishlari tahlil qilingan: jumladan, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li kabi strategik savdo yo‘laklarini tashkil etish, Afg‘onistonda barqarorlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, xavfsizlik sohasida hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuv masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Muallif xulosalariga ko‘ra, ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikka tayangan holda O‘zbekiston va Pokiston nafaqat o‘zaro aloqalarni mustahkamlamoqda, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy integratsiya jarayonlariga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Bu hamkorlik mintaqa uchun muhim bo‘lgan barqarorlik va farovonlikni ta’minlash salohiyatiga ega ekani ta’kidlanadi.  

Shu bilan birga, uning kelgusi istiqbollari infratuzilmani rivojlantirish hamda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning izchil davom ettirilishiga bog‘liq ekani alohida qayd etiladi.

A.RUSTAMOV, O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment