Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Mustahkam poydevor

By Muxtasar_Qodirova - Oct. 22, 2025, 5:48 p.m. 1,735 Views 0 Comment

Har yili 21-oktabr sanasi yurtimizda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat o‘zbek xalqi, balki mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillari uchun ham aziz va qutlug‘ bayramdir.


O‘zbek tili — asrlar davomida yuksak madaniyat, ma’naviyat, bag‘rikenglik va do‘stlik g‘oyalarini ulug‘lab kelgan til. Bu tilda Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Furqat, Cho‘lpon kabi buyuk mutafakkirlar insonparvarlik, adolat va go‘zallik haqida fikr yuritgan.


Mustaqillik yillarida davlat tili sifatida o‘zbek tilining nufuzi yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz rahnamoligida davlat tilini rivojlantirish, uni hayotning barcha sohalarida to‘liq tatbiq etish, yosh avlod qalbiga ona tili va milliy qadriyatlarga muhabbat tuyg‘usini singdirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 20-oktabr kuni qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror davlat tilini yangi bosqichda — zamonaviy texnologiyalar va xalqaro hamkorlik asosida rivojlantirishga qaratilgan muhim dasturiy hujjat bo‘ldi.
Unga muvofiq, 2026-yildan boshlab davlat organlarida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi. Ta’lim tizimida esa o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha yangi avlod darsliklari va zamonaviy animatsion, elektron o‘quv vositalari yaratiladi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlash platformasi ishlab chiqiladi.


Ushbu qaror bilan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitaga milliy madaniy markazlar vakillari uchun o‘zbek tiliga o‘qitish kurslarini kengaytirish, xorijiy davlatlardagi o‘zbek diasporalari huzurida vatandoshlar farzandlariga til o‘rgatish markazlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu o‘z navbatida, nafaqat tilni o‘rgatish, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga xizmat qiladi.


Prezidentimiz sana munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom ma’nodagi tarixiy islohotlar tufayli o‘zbek tili rivojida yangi davr boshlanganini qayd etar ekan, kelajagimiz egasi bo‘lgan yosh avlodimiz milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun, avvalo, o‘zbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shartligini ta’kidladi. Bu ham ona tilimizga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.
O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli yurt sifatida davlat tilini barcha fuqarolarni birlashtiruvchi ma’naviy qadriyat sifatida qaramoqda. Biz, turkman millat vakillari ham o‘zbek tilini yurtimizdagi tinchlik va birdamlik ramzi sifatida qabul qilamiz. Bu til orqali biz bir-birimizni chuqur tushunamiz, hamkorlikda rivojlanishga intilamiz.
Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek tilining sofligini saqlash, boy lug‘at fondini asrab-avaylash va nufuzini oshirish — har birimizning muqaddas burchimizdir. Zotan, u barchamizni birlashtiruvchi ma’naviy ko‘prik, do‘stlik va hamjihatlik poydevoridir.


Guldona AVЕZDURDIYEVA,
O'zbekiston turman milliy madaniy markazi raisi

Tags:

0 Comment

Leave a Comment