Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Samarqand global muloqot maydoniga aylandi

By Muxtasar_Qodirova - Nov. 12, 2025, 9:10 p.m. 1,315 Views 0 Comment

O‘zbekiston Respublikasining bugungi rivojlanishi mamlakatimizning inson kapitaliga milliy taraqqiyotning asosiy omili sifatida qarashi bilan belgilanadi. Yangi davr islohotlari negizida ta’lim, madaniyat, ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor vazifalar mujassam. Shu bois, BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun nafaqat diplomatik munosabatlar, balki barqaror rivojlanish davlat strategiyasining ham muhim bir qismi sifatida alohida ahamiyatga ega.


Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati natijasida 2017 yilda O‘zbekiston keng ko‘lamli islohotlar davriga qadam qo‘ygandan keyin YUNESKO bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yuzlab ta’lim muassasalari,  minglab pedagoglar va  millionlab ta’lim oluvchilarni qamrab olgan yirik qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi. Maktablarni raqamlashtirish, pedagogik ta’limni  rivojlantirish, o‘qituvchilarning uzluksiz malakasini oshirish tizimini shakllantirish va o‘rta ta’lim sifatini oshirish  jarayoniga salmoqli hissa qo‘shgan hamkorlik dasturi imzolandi. 


Bugun O‘zbekiston ta’lim tizimida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berayotganini raqamlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi  27 foizdan 70  foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa  8 foizdan  38 foizga oshdi. Bu bilimlar nafaqat shaxsiy boylik, balki milliy  strategik  resurs sifatida qaraladigan yangi turdagi fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun asos yaratadi. 


YUNESKO bilan hamkorlik ta’lim sohasi rivojlantirish bilan birga madaniy merosni saqlab  qolishga ham qaratilgan. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadimiy shaharlar YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu ro‘yxatdan G‘arbiy Tyan-Shan va mintaqamizning  noyob ekologik va biologik  tuzilishini o‘zida aks ettiruvchi Turon sahrolari ham joy olgan. 


Shoshmaqom, katta ashula, “Lazgi” raqsi,  kulolchilik an’analari,  atlas va adras to‘qish kabi 20 dan ortiq nomoddiy meros  elementlari jahon madaniy merosi sifatida tan olingan. Bu yutuqlar O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi siyosati  o‘tmishni saqlab qolishgagina emas, balki madaniy merosni  jamiyatning o‘ziga xosligi, birligi va insonparvarlilik asosini mustahkamlaydigan muhim resurs sifatida anglashga qaratilganini ko‘rsatadi. 


Shu nuqtai nazardan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi  Samarqandda o‘tkazilishi  alohida ahamiyatga ega. Bu tarixiy voqea so‘nggi 40 yilda birinchi marta Tashkilotning Parijdagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston uchun  anjuman maydoni sifatida Samarqandning tanlanishi jahon hamjamiyatining katta ishonchi, mamlakatimizning  xalqaro  muloqot, hamkorlik va  madaniy hamjihatlik  maskani bo‘la oladigan davlat sifatida e’tirof etilishini anglatadi. Samarqand – azaldan sivilizatsiyalar  tutashgan chorraha, bilimlar, g‘oya va  ma’naviy izlanishlar markazi bo‘lib kelgan. Ushbu tarixiy  shahar  Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni birlashtiruvchi  an’analar ramzi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. 


Konferensiyaning o‘tkazilishi O‘zbekistonda ta’lim va madaniyatni rivojlantirish  ichki vazifa bo‘libgina qolmay,  umumiy kelajakka hissa qo‘shish ham deganidir.  Barqaror rivojlanish, madaniy merosni asrash, raqamli  ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish,  yoshlarni yolg‘on axborotdan himoya qilish,  gender tenglik,  xotin-qizlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, iqlim barqarorligi hamda  ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro  hamkorlik masalalari anjuman kun tartibidan o‘rin oldi. Ushbu barcha yo‘nalishlar O‘zbekistonning milliy ustuvor maqsadlariga mos keladi. 


Shuni alohida qayd etish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning  konferensiya ochilishida ishtirok etishi ta’lim, madaniyat va ilm-fan ijtimoiy  siyosat  sohalari bo‘libgina qolmay, balki  demokratik taraqqiyot poydevori,   milliy birlikni mustahkamlash asosi va mamlakat kelajagini barpo eta oladigan yoshlarni tarbiyalash omili ekanini davlat miqyosida anglash ramzidir.  


O‘zbekiston ilgari surgan tashabbuslarda sun’iy intellekt  texnologiyalarini ta’lim  jarayoniga joriy qilish,  inklyuziv ta’lim dasturlarini rivojlantirish, ilmiy va madaniy almashinuv uchun xalqaro maydonlarni tashkil qilish, shuningdek fan va ta’lim boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish zarurligi qayd etiladi. 


Davlatimiz rahbarining YUNESKOning Xotin-qizlar yetakchiligi akademiyasi,  Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar forumi va Raqamli meros xalqaro institutini tashkil qilish to‘g‘risidagi  takliflari mamlakatimizning nafaqat  xalqaro jarayonlarga  moslashishga, balki ularning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishga bo‘lgan intilishini ham ko‘rsatadi. 


Parlamentda xotin-qizlar manfaatlarini aks ettiruvchi deputat  sifatida Samarqand sessiyasida ilgari surilgan tashabbuslar orasida global taraqqiyotning gumanitar jihatini mustahkamlashga qaratilgan takliflarni  alohida e’tirof etmoqchiman. Birinchidan, YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini shakllantirishga taalluqli bo‘lib, bu imkoniyatlar tengligi va barcha toifadagi  o‘quvchilarning sifatli  ta’lim olish imkoniyatini ta’minlaydi. Ikkinchi taklif  Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad yangi iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlash sohasida  tajriba almashishning xalqaro formatini shakllantirishdir. 


Uchinchi yo‘nalishga ko‘ra,  O‘zbekistonda YUNESKO  bilan hamkorlikda “Sun’iy intellekt - maktab” pilot loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish va  yoshlarning ijodiy  fikrlashini rivojlantirishga xizmat qiladi. To‘rtinchi tashabbus “YUNESKO ekologik poytaxti” global dasturi bo‘lib, u shaharlarning  ekologik mas’uliyatini mustahkamlash, barqaror va yashil amaliyotlarni keng joriy qilishga qaratilgan. 


O‘zbekistonda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish va ularning turmush darajasini oshirishda yuqorida sanab o‘tilgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega. 

Inklyuziv ta’limni rivojlantirish alohida ehtiyojmand qizlarning teng bilim olishini ta’minlab, ta’lim muhitida ijtimoiy adolatni mustahkamlaydi. Jahon professional ta’lim sammitining o‘tkazilishi iqtisodiyotning yangi tarmoqlariga yo‘naltirilgan kadrlarni tayyorlash  dasturini shakllantirishga yordam beradi, bu esa xotin-qizlarning kasbiy rivojlanishi va yuqori texnologiyali sektorlarda ish bilan ta’minlanishi uchun katta imkoniyatlarni ochadi.  


“Sun’iy intellekt - maktab” pilot loyihasining amalga oshirilishi qizlarda  ilg‘or texnologiyalar bilan ishlashda raqamli ko‘nikmalarni shakllantiradi. Bu o‘ziga bo‘lgan ishonch, tashabbuskorlik va  mustaqillikni  talab etayotgan bugungi sharoitda ayniqsa muhimdir. 

“YUNESKO ekologik poytaxti” global tashabbusi  ham xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini  mustahkamlashga ta’sir ko‘rsatadi, chunki ekologik shahar muhitini rivojlantirish inson hayoti, salomatligi, uning jamiyat hayotida ishtirok etishi va xotin-qizlar tashabbuslarini rivojlantirish uchun yanada xavfsiz sharoitlarni  yaratadi.


Shunday qilib, bu takliflar bir tomondan ta’lim, ilm-fan, iqtisodiyot sohalarida va jamiyatimiz hayotida xotin-qizlarning  barqaror va munosib o‘rnini egallashi uchun asoslarni mustahkamlasa, boshqa tomondan O‘zbekistonning nafaqat  xalqaro tajribadan samarali foydalanishga, balki global  ahamiyatga ega gumanitar kun tartibni shakllantira oladigan  yangi qarorlarni  taklif etishga bo‘lgan intilishini ham aks ettiradi. 


Muxtasar aytganda, bugungi kunda O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorligi  ta’limni  barqaror rivojlantirish, ijtimoiy  tenglik va tinchlikni mustahkamlash kalitiga aylanib borayotganiga misol bo‘ladi. Samarqanddagi Bosh konferensiya yangi xalqaro dasturlar, qo‘shma  tashabbuslar va madaniy almashinuvlar uchun  imkoniyat yaratib,  bu jarayonni kuchaytiradi. 

N. Rashidova, 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 

Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment