Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Festival bo‘lib o‘tdi

By Muxtasar_Qodirova - Dec. 1, 2025, 8:57 p.m. 1,101 Views 0 Comment



Andijon davlat texnika institutida do‘stlik va hamjihatlik ruhini tarannum etuvchi “O‘zbekiston – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti” shiori ostida keng qamrovli festival bo‘lib o‘tdi. Tadbir institut jamoasi, talabalar va turli millat vakillarini birlashtirgan yirik ma’naviy-ma’rifiy bayram sifatida o‘tkazildi.




Festivalda yurtimizda faoliyat yuritayotgan turli milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etib, o‘z millatiga xos an’ana, madaniyat va san’at namunalarini namoyish etdilar. Jumladan, Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan rus, arman va koreys milliy madaniyat markazlari rahbarlari hamda markaz a’zolari ishtirok etdilar. Ularning milliy qo‘shiq va raqslari, sahna chiqishlari, milliy liboslari hamda an’anaviy taomlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.




Festival davomida talabalar uchun ma’naviy meros, umuminsoniy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik va millatlararo munosabatlar bo‘yicha ma’ruza va uchrashuvlar tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — O‘zbekiston hududida asrlar davomida shakllangan totuvlik muhitini yoshlar ongida mustahkamlash, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va do‘stlik tamoyillarini yanada keng targ‘ib qilishdir.




Shuningdek, festival doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi, ijodiy jamoalarning chiqishlari, interaktiv tanlov o‘tkazilib, eng faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir yakunida barcha millat vakillari sahnaga chiqib, do‘stlik va hamjihatlikni ifodalovchi yakuniy kompozitsiyani ijro etdilar.




Tags:

0 Comment

Leave a Comment