Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O‘zbekiston va Turkiya: umumiy tarixdan mushtarak kelajak sari

By Muxtasar_Qodirova - Jan. 29, 2026, 11:43 p.m. 1,041 Views 0 Comment

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimning “O‘zbekiston va Turkiya: umumiy tarixdan mushtarak kelajak sari” maqolasi nufuzli “Business Turk” nashrida bosh maqola sifatida e’lon qilindi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan Turkiyaga amalga oshirajak tashrifi Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarida erishilgan darajani namoyish etishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Ushbu tashrif rasmiy muloqotdan ko‘proq mazmunga ega: birodarlik, o‘zaro ishonch va umumiy qarashlarning yaqqol tasdig‘idir, – dedi B.Yildirim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar chuqurlashib borayotganining tabiiy va kuchli in’ikosidir. Shu nuqtai nazardan, tashrif nafaqat bugungi kunni, balki Turkiya va O‘zbekistonning umumiy kelajak sari birgalikda ildamlash istagini ham namoyon etadi.

Turkiya uchun O‘zbekiston bilan munosabatlar chuqur, uzoq muddatli va strategik poydevorga asoslangan. Yakdillik, o‘zaro anglashuv va har ikki xalqqa xos davlatchilik tajribasi – axloqi bilan rivojlangan bu munosabatlar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi aloqani yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi.

Umumiy ildizlardan kuch olgan tarixiy birodarlik

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar diplomatik aloqalar yoki dolzarb hamkorlik mavzulari bilangina cheklangan emas. Ikki davlatni umumiy til, mushtarak madaniyat va teran tarixiy tamaddun muloqoti birlashtirib turadi. Asrlar davomida ayni havzada gullab-yashnagan bu birodarlik ruhi bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning eng mustahkam poydevorini tashkil etadi.

Anadoluning O‘zbekiston, xususan, ushbu zamindagi  Samarqand va Buxoro kabi marvaridlar bilan bo‘lgan ma’naviy rishtasi ikki mamlakat aloqalariga o‘zgacha ruh va teranlik bag‘ishlaydi. Bu bog‘ nafaqat umumiy o‘tmishning ifodasi, balki hozirgi munosabatlarni mazmunan to‘ldiruvchi muhim omil, umumiy istiqbolni shakllantiruvchi jonli tarixiy merosdir. Umumiy qarashlar, o‘xshash ijtimoiy qadriyatlar va mushtarak tarixiy ong ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqori darajaga chiqishini ta’minlaydi.

O‘tmishdan bugungacha davom etib kelayotgan bu kuchli rishtalar Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar vaqtinchalik emasligini, ular doimiy va chuqur ildiz otganligini aniq ko‘rsatadi. Bu birodarlik shunchaki xotiralardagi tarix emas: bugungi hamkorlikni oziqlantiruvchi, umumiy qarashlarni mustahkamlovchi omil o‘laroq mavjud.

Bu mustahkam tarixiy poydevor ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kundan-kunga chuqurlashtirishga imkon beradi. 

Yangi bosqich: Shavkat Mirziyoyevning islohotlar safarbarligi

O‘zbekistondagi keyingi to‘qqiz yil mamlakatning taraqqiyot yo‘nalishini shakllantirgan yangi islohotlar davri bo‘ldi va bu jarayon davom etmoqda. Prezident boshchiligidagi bu harakat yuzaki o‘zgarishlar emas, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan keng qamrovli va ko‘p qirrali safarbarlik sifatida ajralib turadi. Ushbu yangilanish hayotning barcha jabhalarida, iqtisodiy ko‘rsatkichlardan to ijtimoiy tizimgacha, davlatchilik an’analarini mustahkamlashdan tortib, fuqarolar bilan munosabatlargacha aniq aks etmoqda.

Amalga oshirilgan islohotlarning asosiy xususiyati – inson qadriga ustivorlik berish va jamiyatni mustahkamlash tushunchasiga  asoslangan. Iqtisodiyotda qo‘yilgan dadil qadamlar, investitsiya muhitini yaxshilash va dunyoga ochilish istagi yangi O‘zbekistonni yanada ochiq, yanada ishonchli va yanada jozibador mamlakatga aylantirayotir. Bu islohotlar jamoatchilikning davlatga bo‘lgan ishonchini oshirish barobarida, oddiy insonlarning kelajakka umidlarni mustahkamlamoqda.

“Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi shunchaki belgilangan maqsad emas. Bu g‘oya davlat institutlarining samaradorligini oshirish, boshqaruvga shaffof prinsiplarni keng jalb etish, islohotlar bilan har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borishni maqsad qilgan. Bu g‘oyaning tafsilotlariga qadar puxta o‘ylangan ravon “yo‘l xaritasi”, uning ijrosini sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan Prezidenti bor.

Keyingi yillarda O‘zbekistonni ko‘p ziyorat qilgan shaxs sifatida ayta olamanki, joylardagi islohotlarning ta’siri shaharlar rivojlanishi, davlat sektori faoliyati, biznes olami dinamikasi va eng muhimi, jamoatchilikning kelajakka bo‘lgan qarashlarida yaqqol sezilmoqda. Har bir tashrifimda yanada tartibli, yanada rivojlangan va yanada kuchliroq O‘zbekistonga duch kelaman. Bu o‘zgarishlar nafaqat infratuzilma imkoniyatlari, balki jamiyatning umumiy kayfiyati va kelajakka bo‘lgan umidlarida ham yaqqol ko‘rinib turibdi. Islohotlarning eng yuqori darajada qat’iyat bilan amalga oshirilayotgani – bu muvaffaqiyatning eng muhim sababidir.

Yana bir jihat. Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik kayfiyati O‘zbekistonning o‘zi bilan chekli qolayotgani yo‘q. Ushbu islohotlarning uzluksizligi nafaqat mamlakat ichidagi taraqqiyot, balki butun mintaqadagi barqarorlik va umumiy rivojlanish tendensiyasiga asos bo‘lmoqda. Bu esa, mamlakatning mintaqaviy rolini mustahkamlash barobarida, uning turkiy dunyoda yanada faol, konstruktiv ishtirokchi va yetakchi mavqega ega bo‘lishi uchun zamin yaratmoqda. Ya’ni, yangi O‘zbekiston nafaqat o‘z porloq istiqbolini insho etayotgan, balki umumiy mintaqaviy farovonlikka munosib hissa qo‘shayotgan davlat o‘laroq alohida ajralib turadi.

Inson qadrini ulug‘lagan davlat konsepsiyasi

O‘zbekistondagi islohotlar jarayonining eng o‘ziga xos jihatlaridan biri inson markazli davlatchilik yondashuvidir. Bu yondashuv islohotlarning markazda shakllantirilishi bilan birga, jamiyatning eng quyi qatlamlariga – oddiy isnonlagacha yetib borishini ta’minlashni maqsad qilgan. 2026 yilda mamlakatda belgilangan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” fikri kuchli davlat va kuchli jamiyat o‘rtasida sog‘lom hamjihatlikni o‘rnatishda muhim qadam sifatida ajralib turadi.

O‘zbekistonda mahalla shunchaki turar joy hududi emas. Mahalla – birdamlik, ahillik va ijtimoiy hamjihatlik markazidir. Ushbu tuzilmani mustahkamlash islohotlarning joylarda o‘z aksini topishiga va fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatishiga imkon beradi. Mahallaga asoslangan yondashuv davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi, islohotlarning doimiyligini kafolatlaydi.

Mahalla haqida gap ketganda O‘zbekistonda oqsoqollarning roli va ularga qaratiladigan alohida e’tibor haqida to‘xtalib o‘tish zarur. O‘zbek jamiyatida oqsoqollar teran tajriba, sog‘lom fikr va ahillik timsolini ifodalaydi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi yilga berilgan nom va qabul qilinayotgan dastur oqsoqollarni ijtimoiy hayotning faol unsurlari o‘laroq jamiyat hayotida keng ishtirok etishga chorlaydi. Bu tushuncha ijtimoiy muammolarni va ehtimoliy xavflarni bartaraf etishda maslahatlashuv, tajriba va sog‘lom fikrga ustuvor ahamiyat beradigan boshqaruv modelini aks ettiradi.

O‘zbekistonning inson qadrini ulug‘lashga asoslangan davlatchilik modeli modernizatsiya va an’analar bir-biriga zid kelmasligini, aksincha to‘g‘ri tatbiq qilinganda ular bir-birini mustahkamlaydigan muhim manba ekanini yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Bunga ko‘ra, islohotlarni milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlikda amalga oshirish jamiyat tomonidan o‘zgarishlarni qabul qilishni osonlashtiradi va transformatsiya jarayoniga kuchli turtki beradi.

Bu yondashuv nafaqat O‘zbekiston, balki turkiy dunyo uchun ham ilhomlantiruvchi namuna bo‘lib xizmat qilayotir. Ijtimoiy tizimni mustahkamlaydigan va an’analarni saqlab qolish bilan birga modernizatsiyaga qaratilgan bu yondashuv umumiy geografiyamizda barqarorlik va taraqqiyot uchun muhim asos hisoblanadi.

 

Turkiya – O‘zbekiston hamkorligi: liderlar o‘rtasidagi ishonchga asoslangan sheriklik

So‘nggi yillarda Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda erishilgan yutuqlar zamirida Rahbariyat darajasida o‘rnatilgan kuchli va samimiy ishonchning roli beqiyos.

Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdog‘an va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida o‘rnatilgan bu munosabatlar o‘zaro hurmat, ochiq muloqot va birodarlik ruhiga asoslangan.

Rahbarlar o‘rtasidagi bu ahillik o‘zaro munosabatlarning strategik sheriklik asosida rivojlanishiga imkon berdi. Siyosiy irodaning aniqligi va uzluksizligi tufayli Turkiya – O‘zbekiston liniyasidagi hamkorlik sohalari tez sur’atlar bilan kengayib bormoqda, qabul qilingan qarorlar aniq natijalarni bermoqda. Bu ikki tomonlama munosabatlarimiz kon’yunkturaviy o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lmasdan doimiy va chuqur mazmunga egaligini ko‘rsatadi.

Jadal hamkorlik faqat siyosiy munosabatlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va fan kabi keng jabhalardagi almashinuv mustahkamlanmoqda. Rahbariyat darajasida namoyish etilgan iroda quyi turuvchi muassasalar va xalq tomonidan ham o‘zaro qo‘llab-quvvatlanib, hamkorlik jarayonlarining yangi qirralari ko‘payib bormoqda.

Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarida shakllangan bu kuchli rishtalar butun turkiy dunyoni mustahkamlovchi zamin yaratadi. O‘zbekiston o‘zining tarixiy, madaniy va ijtimoiy salmog‘i tufayli turkiy dunyoda markaziy mavqega ega. Aholisi, tarixiy merosi va sivilizatsiya havzasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston turkiy dunyoning asosiy mamlakatlaridan biri sifatida ajralib turadi. Binobarin, O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tarkibidagi mavjudligi oddiy a’zolik emas, balki Tashkilotni muvozanatlashtiruvchi, yo‘naltiruvchi va shakllantiruvchi roli bilan tavsiflanadi. O‘zbekistonning TDTdagi konstruktiv roli Tashkilot ichida amalga oshirilayotgan ishlarga barqarorlik, teranlik va mazmun bag‘ishlaydi.

Kelajak ufqlari

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlar qatorida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni tezlashtirish jihatidan ham muhimdir. Umumiy qarash, o‘zaro hurmat va maslahatlashuv madaniyati turkiy dunyoni yanada integratsiyalashgan, samarali va nufuzli tuzilmaga aylantirishga hissa qo‘shadi.

Shu nuqtai nazardan, Turkiya – O‘zbekiston munosabatlari o‘zaro ishonch, birodarlik va turkiy dunyoning umumiy kelajagi uchun qimmatli hissa qo‘shishda davom etadi.

Bu birodarlik nafaqat o‘tmish, balki bizning umumiy kelajagimizning ham eng muhim halqasidir.

O‘zA muxbiri

Behruz XUDOYBERDIEV 

tayyorladi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment