Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Jahon e’tiboridagi alloma shoir

By Muxtasar_Qodirova - Feb. 11, 2026, 11:52 a.m. 1,263 Views 0 Comment

Buyuk alloma, shoir va mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasining katta majlislar zalida “Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosining millatlararo munosabatlarni mustahkamlashdagi o‘rni” mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Aytish kerakki, shoir bobomizning tavallud sanasi munosabati bilan ushbu qo‘mita tomonidan ham turli uchrashuvlar, adabiy tadbirlar o‘tkazilayotgani e’tiborga molikdir.  



Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev Alisher Navoiy merosi insonparvarlik, yurtparvarlik, ezgulik, tinchlikparvarlik, osoyishtalik, do‘stlik, mehr, sadoqat va obodlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani, shu  sababli alloma ijodi nainki mamlakatimiz, balki jahon bo‘ylab katta qiziqish bilan o‘rganilayotganini alohida e’tirof etdi.  

Tadbir davomida olimlar, milliy madaniy markaz raislari tomonidan alloma bobomizning adabiy-ma’naviy merosi, ijodining ahamiyati, ibratli faoliyati haqida batafsil so‘z yuritildi.



Ma’ruzalarda Alisher Navoiy ijodining umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishdagi o‘rni, uning asarlarida aks etgan do‘stlik, insonparvarlik va millatlararo totuvlik g‘oyalari atroflicha yoritildi.

Tadbirning badiiy qismida respublikamizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar − tatar, tojik, qozoq, uyg‘ur, ozarbayjon, turkman va qirg‘iz millatlari vakillari tomonidan Alisher Navoiy ijodidan namunalar o‘qildi.



Mazkur adabiy-ma’rifiy tadbir millatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, turli millat vakillari qalbida buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat tuyg‘usini oshirish hamda jamiyatda bag‘rikenglik muhitini rivojlantirishga xizmat qildi.

N.Usmonova, O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment