Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

“Do‘stlik” festivali Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi

By Muxtasar_Qodirova - July 23, 2026, 11:36 a.m. 1,164 Views 0 Comment

“Do‘stlik” festivali tadbirlari Prezidentimiz tashabbusi va g‘oyalari asosida bunyod etilgan, ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash xalqimiz sharafiga qad rostlagan “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Monument kompozitsiyasida O‘zbekistonning ko‘p ming yillik davlatchilik tarixi, buyuk allomalar va sarkardalar siymolari, xalqimizning boy ma’naviy merosi hamda bunyodkorlik salohiyati badiiy ifodasini topgan.






Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlari faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.






Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirish, ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini qaror toptirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda xorijiy davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, har yili 30-iyul sanasi butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kun xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, birdamlik, hamkorlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro sana hisoblanadi.





O‘zbekistonda ham ushbu bayram ` mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va millatlararo ahillik muhitining yana bir yorqin ifodasiga aylanib bormoqda. Ana shu ezgu an’analarni davom ettirish maqsadida joriy yilning 23–31-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan vazirlik va idoralar, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda  turli ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy loyihalarni qamrab olgan “Do‘stlik” festivali tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 




“Do‘stlik” festivalining Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlanishi esa Vatanga sadoqat, milliy birlik, tarixiy xotira va umumxalq birdamligining yuksak ifodasi bo‘lib, festivalning barcha tadbirlariga yuksak ma’naviy ruh va mazmun bag‘ishlaydi.





Sobir MAMANOV

Tags:

0 Comment

Leave a Comment