Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Yaponiyaning “Nasrin” ansambli o‘zbek raqs san’atini targ‘ib qilmoqda

By Muxtasar_Qodirova - Nov. 6, 2026, 6:16 p.m. 1,142 Views 0 Comment

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida “Nasrin” yapon raqs ansambli vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.




Muloqot chog‘ida jamoa faoliyati, ularning yapon jamoatchiligi o‘rtasida o‘zbek raqslarini keng targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslari va istiqbolli ijodiy loyihalar muhokama qilindi.

Yokogama shahrida 2021-yilda tashkil etilgan “Nasrin” ansambli Yaponiyadagi xalqaro madaniy tadbirlar va festivallarda muntazam ishtirok etib keladi. Guruh 2025-yilda “EXPO 2025” umumjahon ko‘rgazmasida chiqish qilgan bo‘lsa, 2026-yil aprel oyida Xiva shahrida o‘tkazilgan III Xalqaro “Lazgi” raqs festivalida qatnashib, “Tomoshabinlar mehri” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.




Uchrashuvda ansambl a’zolarining o‘zbek raqs maktablari, xususan, Farg‘ona vodiysi va Xorazm an’analarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratildi. San’atkorlar 2026-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan safari chog‘ida milliy raqs san’ati ustalaridan saboq olganlar.

Elchixona ko‘magida ansambl a’zolarining O‘zbekiston madaniyatiga bag‘ishlangan tadbirlar va xalqaro festivallardagi ishtirokini yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 2027-yilda Yokogama shahrida bo‘lib o‘tadigan “GREEN-EXPO 2027” xalqaro ko‘rgazmasida o‘zbek raqslarini namoyish etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Yana bir muhim tashabbus sifatida guruh repertuariga Namangan viloyatining madaniy an’analariga bag‘ishlangan “Namangan olmalari” raqsini kiritish masalasi belgilandi. Bu loyiha Kanagava prefekturasi va Namangan viloyati o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.




Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Yaponiyada o‘zbek milliy madaniyatini targ‘ib qilish, xalq diplomatiyasini rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment