O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Malayan Banking Berhad" ("Maybank") banki Prezidenti va bosh ijrochi direktori Xayrussalex Ramli bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekistonda bank sohasiga investitsiya kiritish, islomiy bank va takaful sohasida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
O'zbekistonda xalqaro reytinglar va standartlarga javob beradigan bank ekotizimi shakllanib borayotganligini inobatga olib, "Maybank"ning mamlakatimizda o'z filialini tashkil etish va mahalliy yetakchi banklar bilan moliyaviy resurslar ajratish bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlik qilishda ulkan salohiyat mavjudligi ta'kidlandi.
Bosh ijrochi direktor Xayrussalex Ramli O'zbekiston banklari bilan islomiy bank sohasida o'zaro tajriba almashishga va o'z mutaxassislarini yurtimizga yuborishga tayyorligini bildirdi.
"Maybank" rahbari, shuningdek, O'zbekistonda raqamli bank xizmatlari sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjudligini, bugungi kundagi raqamlashtirish texnologiyalari ikki tomonlama aloqalarni yo'lga qo'yish uchun qulay sharoitlar yaratishini ma'lum qildi.
Uchrashuv yakunida bank va sug'urta sohasida o'zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o'rganish va tegishli takliflarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
"Malayan Banking Berhad" 1960 yilda singapurlik tadbirkor Xu Tek Puat tomonidan tashkil etilgan. Bank hozirgi vaqtda dunyoning 18 ta davlatida 2600 ga yaqin filial va tarmoqlarga ega. Ularda 43 mingda ziyod kishi faoliyat yuritadi.
Kompaniya aktivlar qiymati bo'yicha Malayziyada birinchi o'rinda, ASEAN davlatlari orasida to'rtinchi pog'onada turadi. Mazkur moliya tashkiloti Islomiy bank xizmatlari bo'yicha ASEAN davlatlari orasida eng yirik aktivlarga ega. Bank kapitali 28 milliard dollarga baholanmoqda.
0 Комментарий