Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Vatan va millat fidoyilarini xotirlash — farzandlik burchimiz

By Muxtasar_Qodirova - 7 мая 2025 г. 15:36 145 Просмотры 0 Комментарий

Tinchlik va osoyishtalikni qadrlovchi xalqimiz o‘zining shonli tarixida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarini hech qachon unutmaydi. Buyuk ajdodlarimiz ruhiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, jasoratiyu mardligini xotirlash, ularga munosib avlod bo‘lish, el-yurt ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarda bardavomlik bugungi avlodning asosiy burch hamda vazifasidir.

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab 9 may — Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. O‘tganlar xotirlanib, millatimiz rivoji yo‘lida hissa qo‘shgan keksa nuroniylar e’zozlanmoqda. Ushbu umumxalq bayrami arafasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bo‘lim boshlig‘i, tadqiqotchi olima Aziza Ahrorova bu shodiyonaning mohiyati, shuningdek, yurtimizda qatag‘on qurbonlarining nomini abadiylashtirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Xotira va qadrlash kuni xalqimizning ulug‘ qadriyatlaridan biridir. El-yurtning tinchligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar nomi hamisha barhayot. Xotira bor ekan, millat barhayotdir. Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan bardavomdir.  

Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi mayoq kabi hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga ilhom bag‘ishlaydi. Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning eng oliy mezoni va bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.

Biz azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oyaga targ‘ib qiluvchi buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlik va mustaqillikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush, qon to‘kish batamom qoralanadi. 9 mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimizning zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.  

Xotira va qadrlash kunida hozirgacha unutib bo‘lmas siymolar yana bir bor xotirlanadi. Bu kunda nafaqat Ikkinchi jahon urushida qatnashib, Vatanni mardonavor himoya qilgan qahramonlar, balki yurt ozodligi, millat  ravnaqi uchun jon fido qilgan qatag‘on qurbonlarini ham xotirlash maqsadga muvofiqdir. Chunki ularning hayoti va faoliyati yoshlar uchun ibrat maktabidir. Ularning jasorati oldida bosh egmasdan iloj yo‘q.  

Qatag‘on qurbonlarining nomini abadiylashtirish, faoliyatini o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada Prezidentimiz tomonidan qator qaror va farmoyishlar qabul qilingani e’tiborga molik. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi, 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi, 2025 yil 3 yanvardagi  “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarorlari shular jumlasidandir.

2000 yilda Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasida 1937-1938 yillarda qatlgoh sifatida tanlab olingan joy obod etilib, shahid bo‘lgan yurtdoshlarimizning xotirasi uchun ramziy qabr va 27 metrlik rotonda barpo etildi. Rotondaning tepasiga “Vatan ozodligi yo‘lida shahid ketganlar mangu barhayotdir” degan so‘zlar bitib qo‘yildi. 2002 yil 31 avgust kuni esa ushbu hududda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ochildi.  

Har yili 9 may arafasida maktab o‘quvchilari, talabalar, fuqarolar shahid ketgan ota-bobolarimizning ruhini shod etish, xotirasini yod etish maqsadida “Shahidlar maydoni”ga tashrif buyuradi. Bu albatta, quvonarli hol. O‘zining tarixini, ajdodlarini, ularning faoliyatini bilish, o‘rganish avlodlar oldida turgan muqaddas burchdir. Kimlarning avlodi ekanligini anglagan, his qilgan  yoshlarimizni esa hech qanday kuch bukolmaydi.  

Bir so‘z bilan aytganda, u xoh Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘ladimi, xoh qatag‘onga uchragan jadid bobolarimiz, beayb mahv etilgan davlat, jamoat, adabiyot, maorif xodimlari bo‘ladimi, ularning xotirasini yod etish, hurmat bajo keltirish, nomini abadiylashtirishga hissa qo‘shish har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchidir. 

M. Komilova yozib oldi, O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий