Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Pekinda O'zbekiston madaniyati va turizm salohiyati taqdim etildi

By Farangiz_Amirkulova - 16 мая 2025 г. 10:28 285 Просмотры 0 Комментарий

Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasida O'zbekiston madaniyati va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Xitoyning turli vazirlik va idoralari, yirik sayyohlik kompaniyalari, madaniyat tashkilotlari, OAV vakillari, blogerlar, Pekindagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari va vatandoshlar ishtirok etdi.


Taqdimot davomida so'nggi yillarda O'zbekistonda turizm sohasi faol rivojlanib, barqaror iqtisodiy o'sish drayverlaridan biriga aylanayotgani ta'kidlandi. Ishtiroklarga yurtimizda sayyohlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy turistlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, mamlakatimizning turizm salohiyati va imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot yetkazildi.


Ishtirokchilarga 2025 yilning 1 iyundan O'zbekiston va Xitoy o'rtasida 30 kunlik vizasiz rejim kuchga kirishi xabar qilindi.


Tadbir i doirasida o'zbek palovini tayyorlash jarayoni bo'yicha master-klass o'tkazildi. Shuningdek, o'zbek kuy-qo'shiqlaridan iborat madaniy dastur taqdim etildi.


Zan Xongyan, Xitoy "Haina Silk Road Cultural Development" kompaniyasi prezidenti:

– Bugun O'zbekiston elchixonasida mamlakatingizning madaniyati va turizmi salohiyatini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan taqdimotda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman.


Tadbir juda muvaffaqiyatli o'tdi. Biz yurtingizning noyob turizm imkoniyatlari, go'zal madaniyati va an'analari haqida batafsil ma'lumot olish imkoniyatiga ega bo'ldik.


O'zbekiston ko'p asrlik tarix va boy madaniyatga ega mamlakat. Shu o'rinda biz ham halqlarimiz o'rtasidagi do'stona rishtalarni mustahkamlashga hissa qo'shish maqsadida ko'plab o'zbek asarlarini xitoy tiliga tarjima qildik va nashr ettirdik.


Taqdimot davomida, shuningdek, o'zbek milliy taomlaridan biri – palov tayyorlash jarayoniga guvoh bo'ldik. O'zbek oshxonasi mazaliligi va xilma-xil taomlari ajralib turadi.


Umid qilamanki, kelgusida ko'proq xitoyliklar O'zbekistonga sayohat qilishni tanlaydilar.


Juan Danshen , Xitoy iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamg'armasi direktori o'rinbosari:

– Bugun O'zbekiston elchixonasi tomonidan o'tkazilgan turizm taqdimotida ishtirok etdim. Tadbir juda muvaffaqiyatli o'tdi va O'zbekistonning urf-odatlari va madaniyatini yana-da yaxshiroq tushunishimizga imkon berdi.


Joriy yil iyun oyidan O'zbekiston va Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejimning tadbiq etilishi xalqlarimiz o'rtasidagi almashinuvni rivojlanishiga va sayyohlar oqimining oshishiga katta ahamiyatga ega.


Jamg'armamiz kelgusida O'zbekiston va Xitoy korxonalari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yana-da ko'proq hissa qo'shishga tayyor.


Chi Lu , Pekin tashqi madaniyat va savdo uyushmasi direktori:

– O'zbekiston Xitoy bilan turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e'tibor qaratmoqda.


Sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qilish va ikki mamlakat turizm sohalari vakillari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2025 yil "Xitoyda O'zbekiston turizm yili" deb e'lon qilindi.


Bugungi tadbir davomida Xitoyda O'zbekiston turizm yili doirasida Pekin, Shanxay, Guanchjou, Xanchjou, Sian, Tyanszin, Shenchjen, Chendu, Chunsin, Sindao, Urumchi, Qashg'ar va boshqa ko'plab shaharlarda turli madaniy, turistik va iqtisodiy tadbirlar o'tkazilayotgani haqida bilib oldik.


Shuningdek, O'zbekistonda xitoylik turistlar uchun qulay muhit yaratishga yo'naltirilgan standartlar ya'ni "China Friendly" tizimi faol joriy etilayotgani hamda ushbu tashabbus doirasida aeroportlar, mehmonxonalar va restoranlarda xitoy tilidagi menyular, yozuvlar va yo'l ko'rsatkichlar o'rnatilayotgani ta'kidlandi.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий