27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida 27- iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni hamda “Oltin qalam” XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Media sohasi vakillarining kasb bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik tamoyilini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoyalash, Yangi O‘zbekistonda erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targ‘ib etishdagi katta xizmatlari, yuqori malakali, zamonaviy jurnalist kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh hamkasblarimiz Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ana shu mukofotlarni o‘z sohiblariga topshirdi.
“Oltin qalam” Milliy mukofoti tashkiliy qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida axborot sohasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani, jurnalistlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga to‘xtaldi, bu yilgi “Oltin qalam” mukofoti haqida ma’lumot berdi.
"Oltin qalam" XIX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 499 ta jurnalist va OAV vakillari 3 ming 250 dan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Bu o‘z navbatida, jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar jarayonida jurnalistlarning faolligini ko‘rsatadi.
Prezidentimizning 2022- yil 27- iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 2023- yildan boshlab “Oltin qalam” tanlovi rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga ko‘paytirildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilda ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tashabbusi va taklifiga binoan “Umummilliy hamjihatlikni targ‘ib qilish va mustahkamlashga qaratilgan eng yaxshi materiallar uchun” nominatsiyasi ham joriy etildi.
“Umummilliy hamjihatlikni targ‘ib qilish va mustahkamlashga qaratilgan eng yaxshi materiallar uchun” nominatsiyasi bo'yicha g'oliblikni “Ovozi tojik” gazetasi katta muxbiri Faridun Yuldashov qo'lga kiritdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi K. Sariyev nominatsiya g'olibini taqdirlashda ishtirok etdi va mukofotni o‘z egasiga tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda ishtirokchilar e’tiboriga taniqli san’atkorlar tomonidan kengaytirilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Muallif M. Qodirova
0 Комментарий