Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Oliy ta’limda xorijiy aloqalar yangi bosqichga olib chiqilmoqda

By Muxtasar_Qodirova - 26 января 2026 г. 23:55 1,139 Просмотры 0 Комментарий

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida mustahkam o‘rin topuvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash oliy ta’lim tizimi oldida turgan birlamchi maqsadlardandir. Shu bois, keyingi yillarda ilg‘or xalqaro tajribalarga tayanib, ta’limning zamonaviy standartlarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, nazariy bilim berishdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimga o‘tilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda sohani takomillashtirishning strategik rejalari va ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Unda inson kapitalini bozor talablari asosida shakllantirish, xalqaro andozalar darajasida kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari o‘z aksini topgan. Ayniqsa, ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifalardandir.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, universitetimiz respublikada ushbu soha bo‘yicha yetakchi muassasa sifatida belgilandi. Farmon bilan pedagogik ta’lim dasturlarini xalqaro andozalarga moslashtirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha dolzarb vazifalar qo‘yildi.

Shundan kelib chiqib, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetida ta’lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini nafaqat milliy, balki xorijiy standartlar asosida amaliyotga tatbiq etishga e’tibor qaratilmoqda. Bunda dunyoning nufuzli ta’lim tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari kengaytirilmoqda.

Yaqinda universitet delegatsiyasi Koreya Respublikasida bo‘lib, bir nechta oliy ta’lim muassasalari bilan kelishuvlarga erishdi. Xizmat safarining dastlabki kunida Dankook universiteti va universitet qoshidagi Ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishildi. Manfaatli muzokaralar yakunida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat asosida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali talabalar Koreyada bilim olish va tajriba orttirish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilarning o‘zaro malaka oshirishi hamda qo‘shma o‘quv dasturlarini tashkil etish masalalari kelishib olindi.

Shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang bo‘lgan “Tabiiy fanlar ta’limi” yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy o‘quv-ilmiy laboratoriyalarni ishga tushirish hamda akademik salohiyatni yuksaltirish maqsadida yangi loyiha mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, endilikda magistratura bosqichida “1+1” shaklidagi qo‘shma dastur joriy etiladigan bo‘ldi. Bu magistrantlarga o‘qishning bir qismini Koreyada davom ettirish imkonini beradi.

Yana bir muhim jihat: Koreya, Gonkong, Shvetsiya, Finlyandiya va Germaniya kabi beshta davlat ishtirokidagi global konferensiyaga 2026-yildan boshlab O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti vakil sifatida a’zo bo‘ladi. Shu bilan birga, Koreya milliy ta’lim universiteti talabalari O‘zbekistondagi maktab, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va pedagogik oliy ta’lim tashkilotlarda o‘z amaliyotlarini o‘tashlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Kelishuvlarga ko‘ra, Koreyaning Hankyong milliy universiteti bilan 2026-yildan boshlab turli formatdagi (2+2, 1+1, 2+1) qo‘shma ta’lim dasturlarini amaliyotga joriy qilish hamda universitetimiz qoshida “AI Smart Farm” (sun’iy intellektga asoslangan aqlli ferma) laboratoriyasini tashkil etishga kelishildi.

Dunyoning kuchli 500 talik reytingidan joy olgan Pusan milliy universiteti hamda Kyungpook milliy universiteti vakillari bilan ham samarali muzokaralar o‘tkazildi. Unda bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashda “Koreya modeli”ni universitetimiz ta’lim yo‘nalishlariga tatbiq etish, inklyuziv ta’lim va sun’iy intellekt yordamida baholash tizimini joriy qilish, STEM yo‘nalishlari va psixologiya fanlarini rivojlantirishga qaratilgan grant loyihalarini amalga oshirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Shuningdek, talabalarimizning qishki va yozgi ta’til davrida xalqaro loyihalarda ishtirok etishini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu strategik kelishuvlar 2026-yildan boshlab universitetda ta’lim sifatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarishga, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni chuqur integratsiya qilishga hamda talabalarimizning global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.

 

Zafar Rahmonov,

Nizomiy nomidagi

O‘zbekiston milliy pedagogika

universiteti rektori, O‘zA

 

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий