Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

O‘zbekiston–Vengriya “INNO” texnoparki ochildi

By Muxtasar_Qodirova - 9 марта 2026 г. 21:05 1,188 Просмотры 0 Комментарий

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida O‘zbekiston va Vengriya hamkorligida barpo etilgan “INNO Science Park” ilmiy-innovatsion texnoparki rasman foydalanishga topshirildi. Mazkur loyiha mamlakatimizda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan strategik tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida e’tiborga molik.


Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov, Vengriyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja, Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli hamda ikki davlatning oliy ta’lim va ilmiy muassasalarining vakillari ishtirok etishdi.


Ta’kidlanganidek, ushbu ilmiy texnopark ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, zamonaviy laboratoriyalar, biznes-inkubatorlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu yerda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va yuqori texnologiyali loyihalarni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratiladi.


“INNO Science Park” muhandislik, energetika, sun’iy intellekt, mashinasozlik, elektronika, avtomatlashtirish, materialshunoslik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda tibbiy texnologiyalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi. Mazkur sohalar bugungi global iqtisodiyotda yuqori qo‘shimcha qiymat yaratadigan tarmoqlar sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.


Shuningdek, texnoparkda talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun zamonaviy ilmiy muhit shakllantirilib, ekspertlar maslahati, laboratoriya bazasi va startap tashabbuslarini rivojlantirishga qaratilgan imkoniyatlar taqdim etiladi. Bu esa ilmiy g‘oyalar va amaliy ishlanmalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.


Loyihani amalga oshirishda Vengriyaning nufuzli Obuda universiteti ham faol ishtirok etmoqda. Universitet bilan hamkorlik doirasida ilmiy tadqiqotlar, texnologik transfer va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Jumladan, O‘zbekiston talabalari uchun Vengriya oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirish va amaliyot o‘tash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qo‘shma dasturlar ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.


Mutaxassislar fikricha, Jizzaxda tashkil etilgan mazkur texnopark ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash va yosh olimlarning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim maydonga aylanadi. Shu jihatdan u mamlakatimizda bilimga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.

A. Qayumov, O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий