Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Vatanimiz ravnaqi uchun

By Muxtasar_Qodirova - 17 сентября 2026 г. 13:02 1,068 Просмотры 0 Комментарий

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida anʼanaga ko‘ra ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi.

“Dunyo” axborot agentligi muxbiri davlatimiz rahbari bilan suhbatlashgan yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Lobar Zoirova, “Sookmyung” ayollar universiteti magistranti:

– Qarshi shahrida tug‘ilganman. Hozirda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida ushbu mamlakatdagi o‘zbek xotin-qizlarini birlashtiruvchi “Opa-singillar” jamoasini boshqarib kelayapman.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan yuzma-yuz uchrashuv menda unutilmas taassurotlar bilan yodda qoladigan voqea bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bilan qo‘l berib salomlashish, u kishining fikr-mulohazalarini tinglash men uchun katta sharaf.

Uchrashuv davomida Prezidentimiz xorijda taʼlim olayotgan yoshlarning bilim va tajribasini O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim resurs sifatida ko‘rishini taʼkidladi. Yoshlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha Vatanga qaytib, munosib faoliyat yuritishi uchun zarur sharoit va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasidagi saʼy-harakatlar haqida fikr bildirdi.

Muloqot davomida davlatimiz rahbari bizning fikr va takliflarimizni diqqat bilan tingladilar. Bildirilgan takliflar yuzasidan shu yerning o‘zida tegishli yechim va topshiriqlar berilgani muloqotning amaliy ruhda kechganini ko‘rsatdi.

Bu jarayon bizga o‘z fikrimizni erkin bildirish, takliflarimiz bilan faol ishtirok etish va mamlakatimiz rivojiga daxldorlik hissini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi.

Prezidentimizning yosh avlodga bildirayotgan ishonchi alohida eʼtiborga loyiq. Xorijda tahsil olayotgan biz yoshlar uchun bu ishonch katta imkoniyat bilan birga masʼuliyat hamdir.

Men siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olayotgan yosh sifatida bu uchrashuvni o‘z kasbiy yo‘lim bilan chambarchas bog‘layman. Koreyada olayotgan bilimim va orttirayotgan tajribamni kelgusida O‘zbekiston manfaatlari yo‘lida sarflashni maqsad qilganman.

Uchrashuvdan xulosam shu bo‘ldiki, xorijda taʼlim olayotgan har bir yosh o‘z bilimini nafaqat shaxsiy kelajagi, balki Vatan taraqqiyoti uchun ham katta imkoniyatga aylantira olishi kerak. Prezidentimiz bilan uchrashuv bizga ana shu masʼuliyatni yanada chuqur his qilishga yordam berdi.

Shahzoda Yo‘ldosheva, Xankuk xorijiy tillar universiteti 4-bosqich talabasi:

– Prezident bilan uchrashuv hayotimdagi unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Davlat rahbari bilan ko‘rishish men uchun yorqin va quvonchli voqeadir.

Uchrashuvda xorijda taʼlim olayotgan yoshlar sifatida o‘z fikr va takliflarimizni bildirish, Vatanimiz taraqqiyoti haqida ochiq muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldik.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar tobora yangi bosqichga ko‘tarilayotganiga guvoh bo‘lish, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari haqida eshitish bizni doim xursand qilib kelgan.

Eng muhimi, biz yoshlarga bildirilayotgan ishonchni his qildik. Bu ishonchni bilim, mehnat va yutuqlarimiz bilan oqlashga harakat qilamiz.

Vatanga xizmat qilish – qayerda bo‘lishingdan qatʼi nazar, uning taraqqiyotiga o‘z hissangni qo‘shishdan boshlanadi.

Muqaddam Isomova, Janubiy Koreyaning “LS ELECTRIC” kompaniyasi mutaxassisi:

– Buxoro viloyatida tug‘ilib o‘sganman. Janubiy Koreyada birinchi, dunyo bo‘yicha 38-o‘rinda turadigan Seul milliy universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlaganman.

Hozirda Janubiy Koreyaning elektr energetikasi, avtomatlashtirish va elektr uskunalari sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi “LS ELECTRIC” kompaniyasining xalqaro savdo bo‘limida faoliyat yurityapman.

Seul shahrida Prezidentimiz bilan uchrashish menga ham nasib qildi. Bu uchrashuv oddiy bir tadbir emas, balki hayotimdagi eng unutilmas va katta maʼnaviy ahamiyatga ega voqealardan biri bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xotin-qizlarga yaratib berayotgan imkoniyat va qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor his qildim. Chunki uchrashuv ishtirokchilarining qariyb yarmini xotin-qizlar tashkil etdi.

Suhbat chog‘ida biz o‘zimizni xorijda taʼlim olayotgan yoki mehnat qilayotgan yoshlar sifatida emas, balki O‘zbekistonning kelajagi uchun masʼuliyat his qilayotgan bir avlod sifatida angladik.

Uchrashuvda Prezidentimizning “Ota-onangizga sizdek farzandlarni o‘stirib-ulg‘aytirgani uchun mening nomimdan shaxsan rahmat deb qo‘yinglar”, degan so‘zlari meni taʼsirlantirib yubordi. Chunki ota-onamning duosi va qo‘llab-quvvatlovi tufayli bugungi darajaga yetganman.

Bu uchrashuvdan so‘ng o‘z oldimga yanada katta orzu va maqsadlar qo‘ydim. Nafaqat ilm-taʼlim yo‘nalishida, balki O‘zbekistonning elektr energetikasi va avtomatlashtirish sohalarini yanada rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shishni istayman.

Bugun xorijda orttirayotgan bilim va tajribalarimni kelajakda Vatanimiz manfaati yo‘lida qo‘llash, kuchli va malakali kadr bo‘lib, O‘zbekistonga qaytish – bu mening eng katta maqsadlarimdan biridir.

Ibrohim Mahmudov, Janubiy Koreyadagi “Keumseong” yuridik firmasi mutaxassisi:

– Davlatimiz rahbari bilan uchrashuv biz, yoshlar uchun tarixiy kun bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki tadbir davomida Prezidentimizning ko‘zlaridagi quvonch va samimiy so‘zlaridan hammamizning qalbimiz faxr-iftixorga to‘ldi.

Prezident bilan qo‘l berib ko‘rishish men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, uchrashuvdan katta kuch, g‘ayrat va yangi shijoat oldim. Davlatimiz rahbarining “Biz sizlarni kutamiz, albatta, yurtga qaytinglar”, degan so‘zlari menda katta taassurot qoldirdi.

Bu so‘zlar bizga nafaqat ota-onamiz, balki butun Vatanimiz kutayotganini yana bir bor his etishimizga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, yurt oldidagi masʼuliyatimizni yanada chuqur anglab, o‘z faoliyatimizga katta masʼuliyat bilan qarashimiz kerakligini his qildik.

Ushbu uchrashuvdan so‘ng o‘zim uchun qaror qabul qildim: har bir kishi qayerda bo‘lishidan, qanday kasb bilan shug‘ullanishidan qatʼi nazar, o‘z Vataniga xizmat qilishi shart.

Ushbu unutilmas uchrashuv uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorligimni bildiraman. Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz manfaatlari yo‘lida xizmat qilish biz uchun nafaqat sharaf, balki katta masʼuliyatdir.


Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий