#Mulohaza
Bugun axborot
texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Har birimiz telefon,
planshet yoki kompyuter orqali dunyodagi voqealardan xabardor bo‘lamiz, bilim
olamiz, muloqot qilamiz. Ammo bu qulayliklar zamirida jamiyat, xususan, yoshlar
ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar ham yashiringan.
Ko‘chalarda,
jamoat transportida, hattoki oilaviy yig‘inlarda ham ko‘pchilik telefonidan
bosh ko‘tarmay qolgan. Ayniqsa, yosh bolalar tarmoqlarga haddan ortiq
bog‘lanmoqda. Yig‘lasa – telefon, ovqat yemasa – telefon. Ota-onalar uchun jim
o‘tirgan bola – yaxshi bola. Ammo shu jimlik bolakayning ruhiyati, tasavvuri va
axloqiy qarashlariga qanday zarar yetkazayotganini kamdan-kam tushunamiz.
Yaqinda
Instagram tarmog‘idagi "reels" videolariga ko‘zim tushdi. Ba'zilari
kulgili, ba'zilari esa odob-axloq me'yorlariga mutlaqo zid. Aynan mana shunday
mazmunsiz, ba'zan esa ochiq-oydin nojoiz kontentlar yoshlarimizning ongini
egallab borayotganiga guvoh bo‘ldim. Katta yoshli insonlar bilan
suhbatlashganimda, ular "Hozirgi yoshlar behayo bo‘lib ketayapti",
deya afsus bilan aytishadi. Bu esa bejiz emas.
Eng achinarlisi
– san’at sohasida yuz berayotgan salbiy o‘zgarishlar. Jamiyat ko‘zgusi bo‘lishi
kerak bo‘lgan ba'zi san’atkorlar bugun milliy qadriyatlarimizga zid holatlarda
– yarim yalang‘och kiyimda, ma’naviy yuksaklikdan yiroq qo‘shiqlar bilan to‘ylarda
ishtirok etmoqda. Pul topish, mashhurlik orttirish uchun har qanday yo‘lni
tanlayotgan “qoshtirnoq ichidagi san’atkorlar” aslida yoshlarning ongiga salbiy
namuna bo‘lmoqda.
Yoshlar ularning
imijini, so‘zlashuv uslubini, hattoki, hayotga bo‘lgan munosabatini ham
ko‘r-ko‘rona takrorlamoqda. Bu esa jamiyatda noyob qadriyatlarimizga zid holda yoshlar ongida yot g‘oyalarning ildiz otishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan qay maqsadda foydalanishlarini, ularda tarqatilayotgan ma’lumotlarning qaysi biri foydaliyu, qaysi biri shunchaki vaqtini o‘g‘irlayotganligini tushunib yetish vaqti kelmadimikin? Bu borada san’at, madaniyat sohasida faoliyat olib borayotganlar ham mulohaza qilib ko‘rsalar balki yaxshi bo‘lardi. Axir bu sohalarda faoliyat yuritayotgan har bir inson millionlab yoshlar uchun ibrat manbai. Ularning har bir harakati, gapi, kiyimi, madaniyati yoshlarimiz e’tiborida.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoq joizki, bugun zamon bilan hamnafas bo‘lish uchun texnologiyalardan foydalanish shart. Ammo bu texnologiyalar bizni boshqarmasligi kerak – biz ularni boshqarishimiz lozim. Farzandlarimizga milliylik, odob, axloq, ma'naviyat asosida tarbiya beraylik. Ijtimoiy tarmoqlarda ham, san’atda ham mas'uliyatli va foydali kontent yetkazish vaqti keldi. Aks holda, ko‘zimizga bir qarashda oddiygina bo‘lib ko‘rinayotgan ushbu xavf ertaga jamiyatimizning yuziga aylanishi, uning taraqqiyotiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘satishi mumkin.
Komila Habibjonova
0 Izoh