Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Navoiy va Jomiy do‘stligi – ikki xalq birodarligi ramzi

By Muxtasar_Qodirova - 14-Iyun, 2025-yil 20:55 225 Koʻrishlar 0 Izoh

Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy merosining Markaziy Osiyo xalqlari do‘stligini mustahkamlashdagi ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Navoiy nomli Xalqaro jamoat fondi, O‘zbekiston va Tojikiston yozuvchilar uyushmalari, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi universitetlari va ilmiy-tadqiqot markazlari, diplomatik missiyalar vakillari, shuningdek Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan taniqli adabiyotshunoslar, madaniyat arboblari, ilmiy va ta’lim dargohlari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda ikki buyuk ijodkor adabiy merosi va do‘stlik g‘oyalarining Uyg‘onish davridagi ijtimoiy jarayonga ta’siri, Markaziy Osiyoda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Ularning ijodini mintaqa mamlakatlarida o‘rganish va ommalashtirish borasida fikr almashildi.

Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Aziziy Rahmonzoda o‘z yurtida mavlono Jomiy singari mir Alisher Navoiyga ham yuksak ehtirom ko‘rsatilishi, mamlakat poytaxti Dushanbe shahridagi buyuk bobokalonimiz nomi berilgan muhtasham bog‘da ustoz-shogird, uzilmas qadrdon do‘st, ikki shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haykallari o‘rnatilgani, ushbu qo‘shni qardosh davlatda bir necha maktab va ko‘cha adibimiz nomi bilan atalishini ta’kidladi.

– Tarixiy manbalar o‘zbek va tojik xalqlarining azaliy do‘stligi, birodarligi, ildizdoshligi, taqdirdoshligi qadim-qadim zamonlarga borib taqalishidan darak beradi, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi rahbari Olimjon Davlatov. – Turli tilda so‘zlashadigan bu ikki xalqning yaqinligi haqida soatlab gapirish mumkin. Ushbu birodarlik timsoliga aylangan buyuk zotlar – Mavlono Abdurahmon Jomiy va Hazrat Mir Alisher Navoiy do‘stligi ikki xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam rishta ramziga aylangani noyob hodisa.

Konferensiya turli mavzulardagi sho‘’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi. Mutaxassislar adiblarimiz ijodining Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy adabiyoti va madaniyati rivojiga ta’siri, ularning siyosiy va ijtimoiy e’tiqodi, mintaqa mamlakatlari taraqqiyotiga ta’siri, qardosh xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va hamkorlikka oid ezgu g‘oyalari haqida fikr almashdilar.

Qirg‘izistonlik Navoiy va Jomiy ijodi tadqiqotchisi, filologiya fanlari nomzodi, o‘zbek maktablari uchun darsliklar tayyorlash markazi bosh muharriri Saidakbar Maxsumxonov bir o‘zandan suv ichgan ikki qardosh xalq tarixi, taqdiri, ildizi tutash ellarning urf-odati, qadriyat-u an’analari yaqinligi ikki buyuk shaxs ijodida yaqqol aks etganiga e’tibor qaratdi.

– Navoiy merosining jahon sivilizatsiyasi tarixida tutgan o‘rnini haqqoniy baholamoq uchun, avvao, Hazrat yaratgan asarlarni turli tillarga tarjima qilish, targ‘ib etish darkor, – dedi notiq. – Jomiy ham g‘oyat sermahsul ijodkor. Undan adabiyotning turli janrlari, fan, san’atnint rang-barang sohalariga oid boy meros qolgan. Bu asarlar o‘z davridayoq Xuroson va Movarounnahr doirasidagina emas, boshqa mintaqalarga ham keng tarqalgan. Jomiy o‘z davrining eng buyuk tilshunosi sifatida fors tili grammatikasi bo‘yicha maxsus she’riy va nasriy qo‘llanma ham yozgan. Arab tilini ona tilidek bilgan.

Anjuman doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, “Jadid” gazetasi, Yozuvchilar uyushmasi ishtirokida Memorandumlar imzolandi.

O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva hamda O‘zbekiston xalq artisti Abdunabi Ibrohimov ijrosida mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.


                                                                                                                           O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring