Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

London shahrida O'zbekiston va Buyuk Britaniya turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o'tkazildi

By Muxtasar_Qodirova - 25-Iyun, 2025-yil 16:02 149 Koʻrishlar 0 Izoh



Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekiston va Buyuk Britaniya sayyohlik sektori vakillari ishtirokida biznes-forum o'tkazildi.

Biznes-forumda O'zbekiston Turizm qo'mitasi, yurtimiz elchixonasi, Xorazm viloyati hokimligi mutasaddilari, yetakchi turoperatorlar va sayyohlik agentliklari, shuningdek, Buyuk Britaniyaning taniqli turkompaniyalari, aviatsiya, mehmonxona va investitsiya sohalari vakillari ishtirok etdi.


Tadbir ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi imkoniyat va loyihalarni muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.


Forumda O'zbekistonda turizmni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, elektron viza tizimi, sayyohlik infratuzilmasini yaxshilash, yangi marshrutlar va servislar yaratishga qaratilgan sa'y-harakatlar haqida batafsil ma'lumot berildi. O'zbekiston Yevropa bozori uchun xavfsiz, ekzotik va boy madaniy merosga ega bo'lgan zamonaviy turistik yo'nalish ekanligi alohida ta'kidlandi.


Anjuman doirasida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi. Yig'ilganlar Samarqand, Buxoro, Xiva va Nukus kabi shaharlarimiz, yurtimizning ekoturizm, gastroturizm va ziyorat turizmi borasida imkoniyatlari bilan tanishishdi.


Forumning britaniyalik ishtirokchilari O'zbekistonni o'zining noyob tarixiy shaharlari, madaniy xilma-xilligi, samimiy va mehmondo'st xalqi hamda jozibali turistik yo'nalishlari bilan sayyohlar uchun nafaqat xavfsiz va maqbul, balki madaniyat va tarix bilan boyitilgan betakror yo'nalish sifatida qiziqtirib borayotganini ta'kidlashdi.


Londonda bo'lib o'tgan biznes-forum ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sayyohlik sohasida tajriba almashish va o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring