Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif davomida O'zbekistonning mazkur mamlakatdagi elchixonasida vatandoshlar bilan uchrashuv o'tkazildi. Uchrashuvda mazkur mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan 40 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari, ushbu mamlakatning turli sohalarida mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda turli sohalarda keng ko‘lamli islohotlar va imkoniyatlar yaratilayotgani, jumladan, xorijdagi vatandoshlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda mutlaqo yangicha yondashuvlar amalga oshirilayotgani, shu nuqtai nazardan, uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi maqsad va vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Xitoy Xalq Respublikasi hududida vatandoshlarimizni ishga joylashishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar muhokama qilindi. Ushbu masala bo‘yicha tegishli tashkilotlarga Qo‘mita tomonidan murojaat qilinishi hamda muammo tez fursatlarda bartaraf etilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Uchrashuv so‘ngida vatandoshlarga o‘zbek tilidagi bir qator adabiyotlar tarqatildi. Xususan, 100 ga yaqin badiiy adabiyotlar, “O‘zbeksiton umumiy uyimiz” foto albomi va “O‘zbekiston” jurnali shular jumlasidandir.
0 Izoh