Amerika davlatlari tashkilotining tarixiy qarorgohida ilk bor O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan tantanali qabul marosimi bo'lib o'tdi.
Unda Oq uy, Kongress, Davlat departamenti, Savdo vazirligi, Pentagon, AQSh Savdo vakili idorasi, DFC korporatsiyasi rasmiylari, shuningdek, ekspertlar, biznes, jamoatchilik, madaniyat, diplomatik korpus va o'zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida taniqli o'zbek san'at ustalari ishtirokidagi konsert, O'zbekiston madaniy merosi eksponatlari ko'rgazmasi, milliy taomlar taqdimoti bo'lib o'tdi.
Qabulda faxriy mehmon sifatida AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo byurosi bo'yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Betani Morrison ishtirok etdi.
Betani Morrison o'z nutqida, O'zbekiston tarixidagi eng muhim kunni nishonlashda ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.
"O'tgan haftada Prezident Donald Tramp va Prezident Shavkat Mirziyoyev o'rtasida telefon orqali muloqot bo'lib o'tdi. Bu chaqiriq aloqalarimiz chuqurlashib borayotganining tasdig'i va O'zbekiston Prezidentining 2018-yilda Oq uyga tashrifi chog'ida o'rnatilgan munosabatlarning mantiqiy davomi bo'ldi. Suhbat davomida Qo'shma Shtatlar va O'zbekiston muhim yo'nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilayotgan muhim yutuqlar o'z ifodasini topdi. Men O'zbekiston terma jamoasini 2026-yilgi jahon chempionatiga tarixiy yo'llanma olgani bilan tabriklayman va yaqin orada O'zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtiryapman", – dedi u.
Amerika-O'zbekiston Savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son ikki davlat o'rtasidagi aloqalar jadallashganini aytib o'tdi. "Rahbarlarimiz o'rtasida yaqinda bo'lib o'tgan telefon orqali suhbatda aniq ustuvor yo'nalishlar, jumladan, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish haqida so'z bordi. 2018-yilda Palatamiz ko'magida Amerika korporatsiyalari va O'zbekiston hukumati o'rtasida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Ishonchimiz komilki, o'sish salohiyati bugungi kunda ham saqlanib qolmoqda", – dedi Yelena Son.
"Project C.U.R.E" fondi direktori Ayub Ayubi fondi Samarqand viloyatiga 12 million dollarlik insonparvarlik yordamini jo'natish uchun barcha tayyorgarlik ishlari yakunlanganini ma'lum qildi. Tibbiy asbob-uskunalar joriy yilning oktyabr oyida yetkazib berilishi kutilmoqda.
AQSh Kongressi Vakillar Palatasining Tashqi ishlar bo'yicha qo'mitasi maslahatchisi Beau Shou Kongressning O'zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini ta'kidladi. "Tadbirda Kongressning 40 dan ortiq xodimi ishtirok etdi, shuningdek, amerikalik qonunchilarning Toshkentga tashrifi rejalari ham muhokama qilinmoqda", – qayd etdi u.
Santa-Kruzdagi Kaliforniya universiteti professori Tanya Merchant va "Markaziy Osiyo" ansamblining chiqishlari ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi. Tadbir davomida unga O'zbekistonning AQShdagi madaniyat elchisi etib tayinlanganlik to'g'risidagi sertifikat topshirildi. Tanya Merchant o'zbek va ingliz tillarida so'zlagan nutqida 20 yildan ortiq vaqt davomida o'zbek musiqasi va tilini o'rganib kelayotganini alohida ta'kidlab, O'zbekiston madaniyati elchisi etib tayinlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
0 Izoh