Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumning ochilish marosimida so‘zlagan nutqi

By Muxtasar_Qodirova - 17-Sentabr, 2025-yil 21:55 531 Koʻrishlar 0 Izoh

Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar!

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Sizlarni mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uchinchi bor o‘tkazilayotgan xalqaro forumda chin dildan qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir janoblariga, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Ing-Ming Yang janoblariga, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto xonimga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze janoblariga, Jahon bankining kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva janoblariga va barcha mehmonlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Mehmondo‘st O‘zbekiston zaminiga, betakror Namangan diyoriga xush kelibsiz!

Qadrli do‘stlar!

Xabaringiz bor, bundan o‘n yil oldin Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlari haqida muhim hujjat qabul qilingan edi. 2030 yilgacha global miqyosda kambag‘allikka barham berish ushbu maqsadlarning birinchisi sifatida belgilab olingan.

Barchamiz ko‘rib turibmiz, hozirgi vaqtda insoniyat oqibatini oldindan aytib bo‘lmaydigan o‘ta keskin va murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik tobora ortib bormoqda.

Yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli oldimizda og‘ir va mashaqqatli sinovlar paydo bo‘lmoqda.

2015 yildan buyon global iqtisodiy o‘sish sur’ati o‘rtacha 3 foizni tashkil etib, oldingi o‘n yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda agar besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambag‘allikda yashagan bo‘lsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi.

Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qo‘yib, ularga yechim topish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda.

Bugungi anjumanimizda qatnashayotgan 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ilgari suradigan taklif va tashabbuslar ushbu muammolarga kompleks yechim topishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Yangi O‘zbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.

So‘nggi sakkiz yilda odamlarning haq-huquqini himoya qilish, ularni munosib ish joyi bilan ta’minlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlarni amalga oshirdik. Barcha sa’y-harakatlarimiz har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirishga qaratildi.

Eng murakkab davrda kambag‘allikka qarshi kurashni davlat siyosati darajasiga olib chiqib, uni umummilliy harakatga aylantirdik. Ochiq aytish kerak, o‘sha paytda bizda kambag‘allik darajasini baholash bo‘yicha aniq mezon va metodologiya yo‘q edi. Jahon banki va Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari bilan hamkorlikda xalqaro tajriba asosida kambag‘allikning milliy mezonlarini ishlab chiqdik.

Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligini qat’iy belgilab qo‘ydik.

Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, bu ishlarni boshlaganimizda aholimizning uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi.

Izchil islohotlarimiz tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024-yilda 8,9 foizga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6 foizgacha kamaytirishni maqsad qilganmiz.

Albatta, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. O‘tgan davrda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modelini yaratdik. Avvalo, o‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlarni joriy etib, barcha ehtiyojmand oilalarni qamrab oldik.

Birgina misol, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1 million 200 ming oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi.

Qanday og‘ir bo‘lmasin, izlanib, imkon topib, bu maqsadlar uchun jami 8 milliard dollarlik mablag‘ va imtiyozlar berdik. Natijada 5 million 200 ming nafar odamni “kambag‘allik qopqoni”ga tushib qolishdan himoya qildik va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldini oldik.

Jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganimiz o‘zini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni oshirish uchun yetarli resurs ajratdik.

Mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili 2,5-3 milliard dollar yo‘naltiryapmiz.

Qishloq aholisini daromadli qilish uchun, 235 ming gektar paxta va g‘alla maydonini qisqartirib, odamlarga 30-50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmini joriy qildik. Bu ishlarimiz 800 ming odamning daromadini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.

Lider tadbirkorlar ko‘magida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va yetishtirilgan mahsulotni kafolatli sotib olish tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Muhimi, aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadli qilishda har bir hududning o‘z tajribasi paydo bo‘ldi.

Bugungi forumga mezbonlik qilayotgan Namanganda ham kichik biznes, hunarmandchilik, zamonaviy sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha namuna yaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030-yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda.

Shularni inobatga olib, bugun yangi, yanada yuqori marrani belgilab olishga tayyormiz.

2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berish uchun barcha imkoniyatlarimiz bor va biz buni albatta uddalaymiz!

Aziz mehmonlar!

Oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun yettita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirmoqdamiz.

Eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratyapmiz.

Faol investitsiya siyosatimiz tufayli shu yilning o‘zida 35 milliard dollar sarmoya evaziga 9 mingdan ortiq yangi korxona, 300 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni tashkil etilmoqda.

Qulay ishbilarmonlik muhiti hisobiga o‘tgan sakkiz yilda 700 ming tadbirkor o‘zining barqaror biznesiga ega bo‘ldi.

E’tiborlisi – davlat biznesga sharoit yaratib beryapti, tadbirkorlar esa o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olib, ehtiyojmand aholini ishli va daromadli qilishda ko‘makchi bo‘lmoqda. Mana shunday samarali hamkorlik tufayli shu yilning o‘zida 270 mingdan ziyod kambag‘al oila a’zosi doimiy ishli bo‘ldi.

Biz hozirgi texnologiyalar asrida IT, sun’iy intellekt, fintex kabi odamlarga yuqori daromad keltiradigan sohalarda startaplar ekotizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz.

Yil boshidan buyon startaplarga 270 million dollar yoki o‘tgan yilga nisbatan 4 barobar ko‘p xorijiy investitsiya kiritildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirib, birgina Jahon banki bilan hamkorlikda qiymati 100 million dollar bo‘lgan yangi loyihalarni boshlayapmiz.

Biz mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar va nufuzli moliya institutlari bilan faol ishlayapmiz. Bu borada Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda qishloqlarda yashash sharoitini yaxshilash, yo‘l qurilishi, tibbiyot va ta’lim xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan 5 milliard dollarlik loyihalar alohida ahamiyatga ega.

Ushbu loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga ulkan hissa qo‘shayotgan bank prezidenti Muhammad al-Jassir janoblarining xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.

Mana shu imkoniyatdan foydalanib, bunday keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda bizga yaqindan ko‘maklashayotgan barcha xalqaro moliya institutlari va hamkor davlatlar delegatsiyalariga samimiy tashakkurimni izhor etaman.

Ikkinchidan, odamlarning bilimini oshirmasdan, ularni “kambag‘allik girdobi”dan chiqarish imkonsizdir.

Shu bois sifatli ta’lim asosida inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy “drayveri” bo‘lib qoladi.

Birgina misol, bolalarimizning bog‘chalardagi qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayollarimiz ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va daromad topish imkoniga ega bo‘ldi. Biz bu ishlarni davom ettirib, kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizini qoplab beramiz va bu orqali 100 mingta kambag‘al oila farzandlarini qamrab olamiz.

Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli yigit yoki qiz bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim krediti va davlat grantlarini ko‘paytiramiz.

So‘nggi besh yilda 800 mingdan ziyod aholini zamonaviy kasblarga o‘rgatib, ularni yuqori daromadli ishlarga joylashtirdik. Kelgusida bu amaliyotni yanada kengaytiramiz. Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlarini tashkil etib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yamiz.

Uchinchidan, biz xotin-qizlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish masalasini ham davlat siyosati darajasiga olib chiqdik.

Bundan bir asr oldin buyuk ajdodimiz Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, - degan.

Bu so‘zlar naqadar to‘g‘ri ekanini bugun hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda.

Shu bois biz xotin-qizlarga oliygohda o‘qish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul ta’lim olish tizimini joriy etdik. Bugungi kunda talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani, shu yilning o‘zida 1 million 700 ming ayol ishli bo‘lgani quvonarlidir. Bu ishni davom ettirib, “Raqamli avlod qizlari” dasturi doirasida 50 ming nafar qizlarni IT, fintex va sun’iy intellektga o‘qitamiz.

Xotin-qizlar jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Bu yil ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 milliard dollar ajratdik. Ushbu mablag‘larni yanada ko‘paytirib, kelgusi yili yana 2 million ayol doimiy daromadli bo‘lishi uchun sharoit yaratamiz.

Kelgusi yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sug‘urta tizimi qamrovini keskin oshiramiz. Bu – ularning kambag‘allikka tushib qolmasligini kafolatlaydi.

Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish bo‘yicha yangi-yangi tajribalarni o‘rtoqlashish maqsadida kelgusi yili Namanganda o‘tadigan Osiyo ishbilarmon ayollar forumiga barchangizni taklif qilaman.

To‘rtinchidan, inson salomatligini muhofaza qilmay turib, uning imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi.

Bu borada 140 ming kambag‘al oilaga shifokor biriktirib, ularni yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik. Endi, kafolatlangan tibbiy xizmatlarni ko‘paytirib, kambag‘al oilalarning bunga sarf qiladigan xarajatini 2 karra qisqartiramiz. Bunda ularga bepul dori va kafolatlangan tibbiy xizmatlar paketi taqdim etiladi.

Beshinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bilan manzilli ishlash – kambag‘allikka qarshi kurashda asosiy yo‘nalishlardan biri.

Biz bu tizimni tubdan isloh qilib, ilgari 6 ta davlat tashkilotida bo‘lgan vakolatlarni yagona – Ijtimoiy himoya milliy agentligiga birlashtirdik.

Qisqa muddatda har bir tuman va shaharda 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatadigan “Inson” markazlarini tashkil qildik. Har bir mahallada ijtimoiy xodim aholi bilan proaktiv usulda ishlamoqda.

Shu yilning o‘zida 2 million 700 ming aholiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Ayniqsa, kambag‘al oilalarning parvarishga muhtoj a’zolariga yangi ijtimoiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yganimiz, 50 ming nafar mehnatga layoqatli aholi uchun ishlash imkonini yaratdi.

Biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni kelgusida yanada keng ko‘lamda davom ettiramiz.

Jahon banki bilan ijtimoiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish maqsadida 100 million dollarlik loyihani boshladik.

Imkoniyati cheklangan aholining kambag‘allikka tushib qolish ehtimoli yuqori. Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash, inklyuzivlik asosida jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqdik.

Munosib mehnat sharoitini yaratganimiz uchun bu yil nogironligi bor 150 ming nafar shaxs ishga joylashdi. Ularga hayotiy zarur tibbiy jihozlar, kolyaska va protezlar bepul yetkazib berilmoqda.

Imkoniyati cheklangan bolalarni maktab va kasbiy ta’lim bilan qamrab olish uchun alohida dasturlarni amalga oshiryapmiz.

O‘zbekistonda og‘ir vaziyatga tushib qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoya qilish borasida yangi tajriba yaratildi.

Oltinchidan, hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoitlar yaratish – ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘ladi.

Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan, sharoiti og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilayapmiz. Natijada shu yilning o‘zida 470 ming xonadonga qarashli tomorqaga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.

Kelgusi yili mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratyapmiz. Bunda 32 ta tuman va ijtimoiy sharoiti og‘ir 328 ta mahallani tanlab, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilamiz. Bu – yangi tajriba bo‘ladi.

Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.

Xalqaro moliya institutlari rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritsa, o‘ylaymanki, bu ham maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yettinchidan, bizdagi davlat xarajatlarining 70 foizdan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanmoqda.

Shu bilan birga, global miqyosda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga 4 trillion dollardan ziyod mablag‘ zarur. Bunday sharoitda xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi”ga ehtiyoj sezilmoqda.

Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida 2026 yilda ko‘hna Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazishni taklif qilamiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Inson qadrini ulug‘lash orqali odamlar uchun munosib sharoit yaratish, bu borada kambag‘allikni qisqartirish – Yangi O‘zbekistondagi barcha islohotlar zamiridagi bosh maqsaddir.

Aminman, O‘zbekiston ortga qaytmas islohotlar yo‘lidan qat’iy borib, kambag‘allikni qisqartirish borasida ham, Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishish bo‘yicha ham barcha majburiyatlarini bajarishga harakat qiladi.

Bugungi anjuman barchamiz uchun sermahsul va foydali muloqot maydoniga aylanadi va men bunga ishonaman.

Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, g‘oyat sharafli va olijanob faoliyatingizda ulkan yutuqlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring