Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Hindiston poytaxtida Toshkent va Dehli shaharlari o'rtasida yo'lga qo'yilayotgan yangi aviareys taqdim etildi

By Muxtasar_Qodirova - 1-Oktabr, 2025-yil 22:00 1,536 Koʻrishlar 0 Izoh

O'zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev va "Centrum Air" aviakompaniyasi biznesni rivojlantirish menejeri Odil Mirza Xolmirzayev xalqaro anjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarilgan turizm tarmog'ining salmoqli salohiyati haqida so'zlab berdi.

Hindistonlik hamkorlarga O'zbekistonning YUNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi noyob madaniy-tarixiy maskanlari, shuningdek, zamonaviy sayyohlik yo'nalishlari va dam olish imkoniyatlari taqdim etildi.

Ikki mamlakat poytaxtlarini bog'laydigan yangi muntazam aviaqatnov taqdimoti ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg'otdi. "Centrum Air" aviakompaniyasi tomonidan joriy yil 3-oktyabrdan boshlab Toshkent-Dehli-Toshkent yo'nalishi bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnov yo'lga qo'yilgani e'lon qilindi. Parvozlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Dehlidagi tadbirda Hindistonning yetakchi sayyohlik agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Jonli muloqot chog'ida tomonlar har ikki yo'nalishda sayyohlar oqimini oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta'kidladi. Yangi havo yo'li sayyohlar uchun sayohatni yana-da qulaylashtiribgina qolmay, ishbilarmonlik, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

– O'zbekiston biz uchun jozibali va eng sevimli yo'nalishlardan biridir, – dedi "Beyond DMC" kompaniyasi direktor yordamchisi Ajay Minval. – Mamlakat tarixiy manzillarga boy, bu yerda do'stlikni yuksak qadrlaydigan insonlar yashaydi, betakror va xushta'm milliy taomlar e'tiboringizni tortadi. Qadimiy va navqiron shaharlar, madaniy an'analar va oddiy insonlarning dunyoqarashi Hindistonga o'xshaydi. Biz O'zbekistonga sayohat qilishni yoqtiramiz, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi sehrli manzillardan unutilmas taassurotlar olamiz va hayratga tushamiz.

Yangi aviaqatnovning yo'lga qo'yilishi hindistonlik sayyohlarning O'zbekistonga nisbatan oshib borayotgan qiziqishiga munosib javob beradi, shuningdek, o'zbekistonlik sayyohlar va ishbilarmonlar uchun Hindistonga safar qilishning qulay yo'lini ochadi. Ushbu to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovi ikki mamlakat o'rtasidagi do'stlik va hamkorlikning muhim ko'priklardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring