Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ishtirokchilariga

By Muxtasar_Qodirova - 7-Iyul, 2026-yil 15:26 1,227 Koʻrishlar 0 Izoh


Hurmatli forum ishtirokchilari!

Aziz mehmonlar!

Oʻzbekistonning qadimiy va mehmondoʻst zaminida ilk bor oʻtkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi Xalqaro forumining ochilishi munosabati bilan sizlarni samimiy tabriklayman.

Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy maʼnoga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy maʼnaviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va eʼtibori ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli oʻzgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va oʻzaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzgʻunchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya koʻrinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qoʻyish, turli xalqlarning urf-odat va anʼanalari oʻrtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.

Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va maʼrifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin boʻlib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va maʼnaviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.

Shu maʼnoda, 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan Oʻzbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi maʼrifat” degan konseptual gʻoya oddiy, ammo oʻzgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, taʼlim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, oʻzaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor boʻla oladi.

Muqaddas islom dinimiz insonni aziz va mukarram bilib, haqiqatni izlashga, ilm-maʼrifatga intilish, ilmiy kashfiyotlar qilishga, bunyodkor mehnatga, taʼlim, sanʼat va madaniyatni rivojlantirishga ilhomlantirib keladi.

Butun insoniyatning umumiy boyligi boʻlgan bu noyob merosda mintaqamizning ham munosib hissasi bor. Ushbu bepoyon hudud jahon ilm-fani, maʼrifat va maʼnaviyatining eʼtirof etilgan yirik markazlaridan hisoblanadi. Ana shu muborak zaminda asrlar davomida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, hadisshunoslik va boshqa koʻplab ilm sohalari yuksak taraqqiy etgan. Xususan, ulugʻ vatandoshlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy singari mumtoz allomalarning bebaho merosi jahon tafakkur xazinasidan munosib oʻrin egallaydi.

Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi Oʻzbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlidan qatʼiyat bilan bormoqda.

Biz bu yangi Uygʻonish davrini ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy taʼlim, jamiyatning maʼnaviy-intellektual oʻsishi, boy tarixiy merosimizga chuqur hurmat va har bir insonning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichi sifatida koʻramiz.

Shu bois, mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy va betakror merosini qayta tiklash, asrab-avaylash, oʻrganish va keng targʻib qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu tizimli ishlar, avvalo, islom merosini chuqur tadqiq etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu jarayonda islom sivilizatsiyasining buyuk namoyandalari hayoti va faoliyati bilan bogʻliq muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-madaniy majmualarni qayta tiklash va obodonlashtirish boʻyicha misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Samarqand viloyatida buyuk muhaddis Imom Buxoriy memorial majmuasining qaytadan barpo etilishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olamida eng yirik maʼnaviy, ilmiy va maʼrifiy markazlardan biri sifatida eʼtirof etilayotgani bizni albatta quvontiradi. Azaldan buyuk sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar tutashgan Oʻzbekiston zamini bugungi kunda ham turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari tinchlik, oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhitida yashaydigan ezgulik diyoriga aylanib bormoqda. Ana shu ochiqlik, bagʻrikenglik va hamjihatlik anʼanalari davlat siyosatimizning asosiy tamoyillarini tashkil etib, mamlakatimizning xalqaro gumanitar hamkorlik, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash yoʻlidagi intilishlarining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Muqaddas Qurʼoni karimning “Iqro!” yaʼni “Oʻqi!” degan abadiy daʼvati dunyodagi barcha ezgu niyatli kishilarning bugungi va kelajak avlodlar baxt-saodatini koʻzlab amalga oshirayotgan olijanob harakatlari uchun yoʻlchi yulduz vazifasini bajaradi. Oradan necha asrlar oʻtganiga qaramasdan, ushbu ilohiy chorlovning teran maʼno-mazmuni oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

Aksincha, jadal oʻzgarishlar va texnologiyalar mislsiz surʼatlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda bu chaqiriq yanada baralla yangrab, aynan ilm-maʼrifat, maʼnaviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi ekanini butun bashariyatga eslatib turibdi.

Bu muborak kalom Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi peshtoqiga bitilgan boʻlib, uning oliy maqsadini – islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrash va chuqur oʻrganish, shu asosda dunyo xalqlari oʻrtasida doʻstlik va hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdek ulugʻ missiyasini aniq belgilab beradi. Biz uchun mazkur Markaz xalqimizning tarixiy xotirasi ramzi, buyuk ajdodlarimiz merosiga boʻlgan chuqur ehtirom ifodasi, ayni paytda Yangi Oʻzbekistonning kelajakka qaratilgan shiddatli intilishining yorqin timsolidir.

Shu bilan birga, u ochiq intellektual makon boʻlib, oʻz hayotini ilm-fanni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni asrash va kelgusi nasllarga bezavol yetkazishga bagʻishlagan dunyodagi barcha maʼrifatparvar insonlarni, olim va tadqiqotchilar, diniy arboblar va mutaxassislarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Eʼtiborlisi shundaki, Markaz qisqa vaqt ichida oʻtmish bilan kelajakni, Sharq bilan Gʻarbni, qadim anʼanalar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni oʻzaro bogʻlaydigan intellektual koʻprikka aylandi. Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qoʻshma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz.

Oʻzbekiston xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qoʻshma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doimo tayyor. Buning uchun Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qoʻshma nashrlar tayyorlash, taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda jahonning yetakchi ilmiy va madaniy markazlari bilan keng koʻlamli gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Biz ilm va maʼrifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori boʻlib qolishiga qatʼiy ishonamiz va barchangizni shu ezgu maqsad yoʻlida hamkorlikka chaqiramiz.

Muhtaram doʻstlar!

Sizlar forum doirasida Samarqand va Termiz singari tarixiy shaharlarimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bagʻishlangan anjumanlarda ishtirok etar ekansiz, yurtimizda diniy-maʼrifiy qadriyatlarni tiklash va asrash, tinchlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash, umuman, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan yaqindan tanishasiz. Mehnatkash va mehmondoʻst xalqimiz vakillari bilan boʻladigan samimiy uchrashuv hamda muloqotlar sizlarni yangi ilmiy tadqiqotlar va badiiy asarlar, madaniy-gumanitar loyihalar yaratishga ilhomlantiradi, deb ishonaman.

Sizlarni yana bir bor chin qalbdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizga rivoj, forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring