Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Ijodiy uchrashuv

By Muxtasar_Qodirova - 25-Avgust, 2026-yil 17:29 3,111 Koʻrishlar 0 Izoh



O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi muassisligidagi “O‘zbekiston” jurnali tahririyati xodimlarining jurnalxonlar bilan navbatdagi muloqoti O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida bo‘lib o‘tdi.




 



“Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida, Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchbu uchrashuvda  dastlab Iqtisodiyot va moliya vazirining mа’nаviyat va dаvlаt tili mаsаlаlаri bo‘yichа mаslаhаtchisi Obiddin Mahmudov Mustaqillikning 35 yillik tarixi, uning xalqimiz hayotidagi ahamiyati, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida  so‘z yuritdi.





Tadbirni ochib berish uchun Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi raisi  Abdulaziz Xaydarovning kirish soʻzi tinglandi. Qo‘mita raisi o‘z so‘zida  mustaqillik xalqimiz hayotidagi eng ulugʻ va tarixiy ahamiyatga ega voqealardan biri ekanini taʼkidlab, istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar, yaratilgan imkoniyatlar va erishilgan yutuqlar xususida fikr bildirdi.




 


Anjumanning dastlabki qismida  xodimlar ijrosida “Sharafli yoʻl: buyuk siymolar”, “Shukrona” mavzusidagi  sahna koʻrinishlari namoyish etildi.  Unda tarixiy shaxslar obrazi, ularning orzu-armonlari va millat taqdiri bilan bogʻliq ezgu maqsadlari, shuningdek, shukronalik, bugungi osuda hayot, tinchlik va farovonlikning qadrini his etish gʻoyasi tarannum etildi.








“Oʻzbekiston” jurnali tahririyati vakillari va g‘aznachilik xizmati qo‘mitasi xodimlari bilan samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda Mustaqillikning 35 yillik tarixi, uning xalqimiz hayotidagi ahamiyati, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi. Qiziqarli savol-javoblar olib borildi.








Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Sayyora Toʻychiyeva ijrosidagi go‘al she’rlar, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi xonanda va raqqosalari, “Bulbulcha” xor va raqs guruhi tomonidan tarannum etilgan dilbar qo‘shiqlar, go‘zal raqslar uchrashuvga yanada ko‘tarinki kayfiyat, bayramona ruh bag‘ishladi.








Ijodiy uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish, jamoa hayoti va faoliyatini jurnal sahifalarida keng yoritish, mamlakatimizdagi tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini targ‘ib qilish borasida yangi ijodiy g‘oyalar bildirildi.  Zero, Mustaqillikning 35 yilligi — o‘tgan yo‘lga nazar tashlash bilan birga, kelajak sari yana-da katta ishonch va ezgu maqsadlar bilan qadam qo‘yish davridir.






Muxtasar QODIROVA 


 

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring