Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

“Do‘stlik poyezdi “ — Nukus sari yo‘l oldi

By Muxtasar_Qodirova - 29-Sentabr, 2026-yil 15:09 1,224 Koʻrishlar 0 Izoh

28-sentabr kuni Toshkent shahridagi Janubiy vokzaldan Nukus sari yana bir o‘ziga xos safar boshlandi.

Bu oddiy poyezd safari emas. «Do‘stlik poyezdi» yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarini bir maqsad — tinchlik, totuvlik va hamjihatlik g‘oyasi atrofida birlashtirib, Nukus tomon yo‘l oldi.



Poyezddagi har bir yo‘lovchi o‘zi bilan nafaqat yo‘l sumkasini, balki o‘z millatiga xos qadriyatlar, urf-odatlar va ezgu niyatlarni ham olib bormoqda. Tillari, madaniyati va an’analari turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo ularni birlashtirib turgan tuyg‘u bitta — Vatanga muhabbat.

«Do‘stlik poyezdi» ana shu jihati bilan ko‘p millatli O‘zbekistonning o‘ziga xos timsoli. Chunki bir yurtda turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab, bir maqsad yo‘lida mehnat qilmoqda.

Safar davomida do‘stlar davrasi yanada kengayadi. Poyezd yo‘nalish bo‘ylab to‘xtaydigan bekatlarda hududlarda yashayotgan turli millat vakillari ham unga qo‘shiladi. Demak, har bir bekat yangi uchrashuvlar, tanishuvlar va do‘stlik rishtalari bog‘lanadigan manzilga aylanadi.

Nukusda esa bu katta davra «O‘zbekiston — yagona Vatan!» shiori ostidagi anjuman bilan davom etadi. Unda yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillarining o‘zaro hurmati, hamjihatligi, milliy qadriyatlarga ehtiromi hamda mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘z yuritiladi.

Zero, Vatan degan tushuncha millat tanlamaydi. Uning tinchligi va ravnaqi uchun qilingan har bir ezgu ish, har bir halol mehnat barchamizning kelajagimizga qo‘shilgan hissadir.

Nigora Rahmonova,

O‘zA





Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring