Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Seulda ilk bor “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” tanlovi o‘tkazildi

By Muxtasar_Qodirova - 19-Oktabr, 2026-yil 12:26 1,269 Koʻrishlar 0 Izoh

Seuldagi Xankuk chet tillar universiteti (HUFS)da O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi hamda oliygoh rahbariyati ko‘magida ilk bor “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” o‘zbek tili bilimdonlari tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlandi. Tanlovda o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti talabalari ishtirok etib, O‘zbekistonning tili, tarixi, adabiyoti va madaniy merosiga oid bilimlarini namoyish etdilar.

Yakuniy bosqichda O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov o‘zbek tilini o‘rganish xalqning milliy o‘zligi, tarixiy xotirasi va madaniy an’analarini chuqurroq anglashga yordam berishi, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Diplomat O‘zbekistonda ishlash yoki qo‘shma loyihalarda qatnashishni rejalashtirayotgan janubiy koreyalik talabalar uchun o‘zbek tilini bilishning amaliy ahamiyatini qayd etdi. Tilni va mahalliy madaniy xususiyatlarni bilish hamkorlar bilan samarali muloqot o‘rnatishga ko‘maklashadi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, hakamlar hay’ati asosiy va maxsus nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni aniqladi. Ularga O‘zbekiston elchixonasining esdalik sovg‘alari va sertifikatlari topshirildi.

Kelgusida tashkilotchilar tanlovga Janubiy Koreyaning boshqa universitetlarini ham jalb qilish va uni universitetlararo darajaga olib chiqishni rejalashtirmoqda. 

Ushbu tashabbus o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishni oshirish, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida bilim almashish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.


Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring